Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Qozogʻistonliklarga Xitoyning qozoq tilidagi tashviqoti “kerak emas”

Kanat Altinbayev

Prezident Si Szinpinni Xitoy kommunistik partiyasiga asos solinganining 100 yilligiga bagʻishlangan nutqi vaqtida selfi olayotgan ayol, 1-iyul. [Noel Selis / AFP]

Prezident Si Szinpinni Xitoy kommunistik partiyasiga asos solinganining 100 yilligiga bagʻishlangan nutqi vaqtida selfi olayotgan ayol, 1-iyul. [Noel Selis / AFP]

OLMAOTA – Xitoy kommunistik partiyasining “Jenmin Jibao” (Xalq kundalik gazetasi) nashri qozoq tilidagi onlayn versiyasini eʼlon qilar ekan, qozogʻistonliklar Xitoy tashviqoti bilan qiziqmasliklarini aytmoqdalar.

Gazeta 1-sentabr kuni qozoq (kiril yozuvida), italyan va suaxili tilidagi nashrlarini ishga tushirgan.

Tahririyatga koʻra, yangi nashrlar shu tillarda soʻzlashuvchi aholiga turli mavzular, jumladan Xitoy siyosati, iqtisodiyot, jamiyat, madaniyat, fan va texnologiyaga oid yangiliklarni taqdim etadi.

Yangi nashrlar xitoylik va boshqa, ham mahalliy, ham xorijiy internet foydalanuvchilariga bir-birlarini yaxshiroq tushunish va muloqot qilishga yordam beradi, deyiladi maqolada.

1-sentabr kuni Xitoy kommunistik partiyasining “Jenmin Jibao” gazetasi oʻzining qozoq tilidagi onlayn nashrini taqdim etdi.

1-sentabr kuni Xitoy kommunistik partiyasining “Jenmin Jibao” gazetasi oʻzining qozoq tilidagi onlayn nashrini taqdim etdi.

48 yashar Gulnur Kosdaulet (chapdan ikkinchi) Xitoyda turmush oʻrtogʻining hibsga olinishiga qarshi namoyish oʻtkazmoqda, Olmaotadagi Xitoy konsulligi, 9-mart. [Abdulaziz Madyarov/AFP]

48 yashar Gulnur Kosdaulet (chapdan ikkinchi) Xitoyda turmush oʻrtogʻining hibsga olinishiga qarshi namoyish oʻtkazmoqda, Olmaotadagi Xitoy konsulligi, 9-mart. [Abdulaziz Madyarov/AFP]

Bu tashabbus nashriyotning koʻp tilli va global miqyosdagi yangi, yetakchi xalqaro ommaviy vositasini yaratish borasidagi maqsadi sari qoʻyilgan navbatdagi qadamdir, deyiladi unda.

“Jenmin Jibao” gazetasi qozoq tilidan tashqari yana 11 ta xorijiy: ingliz, yapon, fransuz, ispan, rus, arab, koreys, nemis, portugal, italyan va suaxili tilida chop etiladi.

Gazeta tahririyati ishonchli va keng qamrovli maʼlumotlar tarqatish orqali “Xitoy orzusi va Xitoy ovozini globallashtirish” yoʻlida imkon qadar harakat qilayotganini aytgan.

Qozoq tilida chop etilgan ilk maqolada Xitoyning turli jabhalardagi faoliyati olqishlanadi.

Masalan, Pekin manfaatlariga xizmat qiluvchi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi (BRI) doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan sharqiy Qozogʻistonda bunyod etilgan Turgusun gidroelektrostansiyasi iyul oyida qay tarzda ishga tushirilgani va mamlakatni elektr quvvati bilan taʼminlayotgani haqida yozilgan.

Shuningdek, Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozogʻistondagi Xitoy elchisi bilan uchrashuvi chogʻida XKPning yuz yilligi bilan tabriklagani yozilgan.

Maqolada aytilishicha, Nazarboyev partiya “oʻz xalqini yorqin kelajak tomon yetaklashiga” ishonch bildirgan.

Yumshoq kuch siyosati vositalaridan biri

“Qozogʻistonning qimmatbaho qogʻozlar bozori” gazetasi bosh muharriri, olmaotalik Aleksandr Yegorchenkoning taxminicha, “Jenmin Jibao” gazetasining qozoq tilidagi nashri qozogʻistonliklar orasida XKPning imijini yaxshilash maqsadida uning faoliyatini faqat ijobiy tomondan yoritadi.

“Albatta, ular mamlakatlar orasidagi “doʻstlik” haqida juda koʻp yozishadi”, deydi u.

Shuningdek, gazeta Xitoyning “infratuzilmaviy loyihalari, zavodlar, yoʻllar qurish va boshqa ishlarga investitsiya kiritish orqali” qanday qilib Qozogʻistonni goʻyoki qoʻllab-quvvatlayotganini ham yoritib boradi, deb aytgan Yegorchenko Karvonsaroy nashriga.

Bu tashabbusdan maqsad, Qozogʻistondagi aksil-Xitoy kayfiyatni yumshatishdir, deydi Olmaotadagi Drakkar nashriyoti vakili Sanjar Iskanderov.

“Aksar qozogʻistonliklar Xitoyga ishonmaydi va mamlakatimizda Xitoyning har qanday ekspansiyasidan xavfsiraydi. Pekin bundan xabardor va bu vaziyatni tuzatishga harakat qilmoqda”, deb aytgan Iskanderov Karvonsaroy nashriga.

Pekinning qozoq yerlarini egallab olishi va resurslaridan foydalanishi borasidagi xavotirlar sababli Qozogʻistonda tez-tez Xitoyga qarshi namoyishlar boʻlib turadi.

2020-yil sentabrda oʻtgan shunday norozilik namoyishlarining birida ishtirokchilar Qozogʻiston milliy xavfsizligiga oid bayonotlari sabab Qozogʻistondagi Xitoy elchisi Chjan Syaoning mamlakatdan chiqarib yuborilishini talab qilgan edilar.

2021-yilning may oyida Xitoyning hududiy ekspansiyasi va investitsion loyihalari tufayli ortib borayotgan bezovtalik sabab Qozogʻistonda qishloq xoʻjalik yerlarini xorijliklarga sotish taqiqlangan.

Shuningdek, faollar Xitoyning Shinjon viloyatidagi etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlarning insoniy haq-huquqlari buzilayotganidan chuqur tashvishda.

Xitoy hukumati uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan qozoqlar va qirgʻizlardan iborat milliondan ortiq musulmonlarni Shinjondagi “mafkuraviy tarbiya” lagerlariga joylashtirgan.

2021-yil boshidan beri qozoqlar Olmaota shahridagi Xitoy konsulligi oldida har kuni norozilik namoyishi oʻtkazib, Pekindan Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqlar doirasida hibsga olingan qarindoshlari va doʻstlarini ozodlikka chiqarishni talab qilganlar.

2021-yil avgustda ekspertlardan biri Xitoy rejimidan qochib kelgan etnik qozoqlarga qochqinlik maqomini bergan Qozogʻistonni jazolash maqsadida, Pekin Qozogʻiston eksportiga nisbatan bojxona siyosatini qatʼiylashtirganini aytgan edi.

Qozogʻistondagi buzuq imidjini yaxshilashga urinayotgan Xitoy oʻz siyosati va qadriyatlarini qozoq tilida tashviq qilish yoʻlini tanladi, deydi Iskanderov.

“Ammo bu ularga yordam berishi dargumon – muammo koʻlami nihoyatda keng”, dedi u.

“Kerak emas, rahmat”

Xitoy kompartiyasining gazetasi qozogʻistonlik internet foydalanuvchilari orasida asosan shubha va norozilik uygʻotgan.

“Xitoy tashviqoti yetmay turuvdi endi bizga. Ularning saytini kim ham oʻqirdi? Hech kim. Xitoyda yashaydigan, oʻz mamlakati yangiliklariga qiziquvchi odamlardan tashqari”, deydi Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti talabasi Yelnur Imasheva.

“Jenmin Jibao” (Xalq kundalik gazetasi) kommunistik partiyaning yutuqlari haqida zerikarli, maqtovga toʻla maqolalar chiqaradigan sovet matbuotini eslatadi, deydi Nur-Sultonlik uy bekasi Yelena Platonova.

“Biz tamoman boshqa odamlarmiz, bunday materiallarni oʻqimaymiz. Rahmat, keragi yoʻq.”

Oʻz navbatida, Pekinning oʻzi olovga moy sepib, mamlakatdagi aksil-Xitoy kayfiyatini yanada kuchaytirmoqda.

Masalan, 2020-yil aprel oyida Xitoyning Sohu.com mustaqil veb-saytida Qozogʻistonning oʻz hududiga nisbatan suvereniteti shubha ostiga olinib, bu yerlar tarixda Xitoyga qaragani va “Qozogʻiston Tsin sulolasining vassali boʻlgani” taʼkidlangan “Qozogʻiston Nima uchun Xitoyga intilmoqda” sarlavhali maqola chop etilgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Xitoy rasmiylari maqola chop etilishidan avval undan xabardor boʻlishgan. Maqola eʼlon qilinishi ortidan Qozogʻiston hukumati Xitoyga rasmiy norozilik notasi yuborgan.

“Jenmin Jibao” hatto mahalliy tilda nashr qilinsa ham, qozogʻistonlik mushtariylar mehrini qozona olmaydi, dedi Iskanderov.

“Ular Shinjonda yuritilayotgan siyosatni qozoq tilida oqlamoqchi boʻlsalar, bu bilan qozogʻistonliklarning gʻazabiga duchor boʻladilar, xolos”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500