Karvonsaroy
Xavfsizlik

Xitoy yadroviy zaxirasini jadallik bilan oshirar ekan, xalqaro hamjamiyatning xavotiri kuchaymoqda

Karvonsaroy va AFP

2019-yilning 1-oktabr kuni Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligiga bagʻishlangan paradda Xitoyning jangovar yadroviy kallakka ega DF-41 qitʼalararo ballistik raketalari namoyish etilgan. [Greg Beyker/AFP]

2019-yilning 1-oktabr kuni Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligiga bagʻishlangan paradda Xitoyning jangovar yadroviy kallakka ega DF-41 qitʼalararo ballistik raketalari namoyish etilgan. [Greg Beyker/AFP]

2027-yilga borib, Xitoy 700 ta uchiriladigan jangovar yadroviy kallaklarga ega boʻlishi, 2030-yilgacha esa ularning soni 1000 taga yetishi mumkin – bu raqam bir yil avval Pentagon bashorat qilganidan ikki yarim marta koʻproq, deyiladi Pentagonning oʻtgan hafta eʼlon qilingan hisobotida.

Qoʻshma Shtatlar Xitoyni kelajakda xavfsizlikka oid asosiy xavotir deb eʼlon qildi – oʻzining rasmiy rejasiga koʻra, Pekin 2049-yilgacha Xalq ozodlik armiyasini (XOA) “jahon darajasidagi kuchlarga” aylantirish ustida ishlamoqda.

Yadroviy salohiyatga ega ikki yetakchi davlat – AQSH va Rossiya singari, Xitoy ham quruqlikdagi ballistik raketalar, havodan uchiriladigan raketalar va suvosti kemalari orqali yadro qurolini nishonga yetkazishga qodir “yadroviy triadani” barpo etmoqda, deyiladi hisobotda.

Pentagonning Kongressga taqdim etgan Xitoyning harbiy ishlanmalariga oid yillik hisobotida maʼlum qilinishicha, Pekin shuningdek, “yadroviy kuchlarining ushbu yirik kengayishini qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan infratuzilmani ham yaratmoqda”.

Suratda: 2019-yilning 1-oktabr kuni Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligiga bagʻishlangan harbiy paradda ishtirok etayotgan DF-31AG qitʼalararo ballistik raketalarini olib ketayotgan harbiy mashinalar. [Greg Beyker/AFP]

Suratda: 2019-yilning 1-oktabr kuni Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligiga bagʻishlangan harbiy paradda ishtirok etayotgan DF-31AG qitʼalararo ballistik raketalarini olib ketayotgan harbiy mashinalar. [Greg Beyker/AFP]

Ammo hisobotda “Xitoy yadro quroliga ega dushmanga, birinchi navbatda, Qoʻshma Shtatlarga asossiz atom zarbasi berish imkoniga emas, balki real yadroviy qasos tahdididan saqlanish uchun bu kabi hujumlarning oldini olishga intilayotgani” taʼkidlanadi.

Anglashilmovchiliklar va notoʻgʻri hisob-kitoblar ehtimoli

Bir yil avval Pentagonning Xitoyga oid hisobotida mamlakatda 200 ga yaqin nishonga yetkaziladigan jangovar kallaklar borligi va 2030-yilga kelib bu koʻrsatkich ikki baravar oshishi aytilgan edi.

Soʻnggi oylarda mustaqil tadqiqotchilar Xitoyning gʻarbiy qismida yadroviy raketalar saqlanadigan yangi bunkerlarning sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlarini chop etishgan.

Bu oʻzgarishlar Xitoyning oʻz qudratini global miqyosda yoyish imkoniyatiga ega boʻlish maqsadida oʻz armiyasini kengaytirib, zamonaviylashtirib borishi asnosida kuzatilmoqda.

Bunday raqiblik AQSH-Xitoy toʻqnashuvi, ayniqsa Vashingtonning faol qoʻllovida boʻlgan, ammo Pekin oʻz hududi deb daʼvo qiladigan va uni qachondir (kerak boʻlsa, zoʻrlik bilan) tortib olishi mumkin boʻlgan Tayvan borasidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

Soʻnggi hisobotda aytilishicha, 2027-yilga kelib, Xitoy “Hind-Tinch okeani mintaqasida AQSH harbiylariga qarshi turish salohiyatiga ega boʻlishni va Tayvan rahbariyatini Pekinning shartlari asosida muzokaralar stoliga oʻtkazishni” maqsad qilgan.

Hisobotda 2020-yil oktyabr oyida Pentagon rasmiylari Pekinning AQSH Janubiy Xitoy dengizida Xitoy bilan mojaro qoʻzgʻamoqchi ekaniga oid xavotirlarini aritishga yordam bergani haqidagi soʻnggi xabarlar ham tasdiqlangan.

Pentagonning yuqori martabali amaldorlari xitoylik hamkasblar bilan bevosita muzokalarga kirishgach, xavotirlar tarqagan.

“Bu voqealar anglashilmovchiliklar va notoʻgʻri hisob-kitoblar ehtimoli borligini hamda samarali va oʻz vaqtidagi muloqot muhim ekanini koʻrsatdi”, deyiladi hisobotda.

Unda shuningdek, Xitoy Xalq ozodlik armiyasining tibbiy va harbiy maqsadlarda qoʻllanishi mumkin boʻlgan moddalarni biologik tadqiq qilish rejalari savol ostiga olingan.

“XXRning harbiy tibbiyot muassasalarida olib borilgan tadqiqotlarda ikki maqsadda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kuchli taʼsirga ega toksinlarning turli toifalarini aniqlash, sinovdan oʻtkazish va tavsiflash muhokama qilingan”, deyiladi hisobotda. Bu biologik va kimyoviy qurollarga oid xalqaro shartnomalariga rioya qilish bilan bogʻliq xavotirlarni keltirib chiqaradi.

Bu xavotirlar XOAga aloqador biologik tadqiqot laboratoriyasi joylashgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 virusi tarqalishi ortidan yanada kuchaygan.

Tanqidchilar Pekinni epidemiyaning ilk davrida uning koʻlamini kamaytirib koʻrsatganlikda ayblagan boʻlsa, ayrim nazariyotchilar orasida virus Uxan virusologiya instituti (UVI) laboratoriyasidan sizib chiqqan, degan taxminlar ham bor.

Bu orada mazkur laboratoriya Xitoy harbiylari bilan aloqador boʻlishi mumkinligi haqida yangi dalillar paydo boʻlgan.

Mintaqaviy tanglik

Bu orada, Tayvanda yuz berayotgan voqealar ularning mintaqa boʻylab oqibatlarni taxmin qilayotgan qoʻshni Markaziy Osiyolik tahlilchilar kuzatuvida boʻlib turibdi.

“Agar Xitoy Tayvanni bosib olsa, bu global xavfsizlik uchun oʻnglanmas oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deb aytgan Olmaotadagi falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti katta tadqiqotchisi Talgat Ismagambetov sentyabr oyida.

“Bunday holatda Pekin Tinch okeanining sharqiy qismida hech qanday cheklovlar his qilmaydi va kelajakda hududiy bahslarni muzokaralar orqali emas, balki oʻz daʼvolari va taqdirini mustaqil belgilash huquqiga tayanib, kuch bilan hal qiladi.”

“Xitoyning Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Malayziya va Filippin bilan hududiy nizolari mavjud boʻlib, Pekin ularni harbiy yoʻl bilan hal etishni istab qolishi mumkin”, deydi u.

“Qoʻshma Shtatlar Osiyo Tinch okeani hududida yangi gegemon qudratga aylangan Xitoyni tiyib turishi lozim”, deb qoʻshimcha qilgan Ismagambetov.

Xitoy global hukmronlikka intilmoqda, degan edi xalqaro masalalar va nizolar boʻyicha bishkeklik ekspert Edil Osmonbetov sentyabr oyidagi intervyusida.

“Dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega Xitoy eng ulkan iqtisodga aylanishni istayapti”, dedi u. “Bu istak pandemiya vaqtida yanada kuchaydi, chunki Xitoy tibbiy tovarlar va COVID-19 vaksinalarini sotish ortidan katta pul ishlab oldi.”

Osmonbetov Xitoyning Tayvanga tajovuzini “oʻz kuchi va salohiyati sinash” deb atagan.

“Xitoy qizil chiziqni bosib oʻta oladimi-yoʻqmi, shuni bilmoqchi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xavotirli

Javob berish