Karvonsaroy
Tahlil

Gʻalaba kuni Kreml tashviqotining Yevropadagi ruslarga taʼsiri koʻlamini fosh etdi

Aleksey Kostenko

“Biz politsiyachilar oldidan sekingina oʻtib ketayotgandik. Toʻsatdan kimdir ukraincha gapirayotganimizni eshitib qoldi. Olomon orasidan bir kishi oldimizga kelib, Ukraina haqiqiy davlat emasligini aytdi”, deydi Ukrainaning “1+1” kanalining televizion yangiliklar xizmati uchun Berlindagi voqealarni yoritayotgan ukrainalik jurnalist Natalya Yarmola Karvonsaroyga. Berlin, 9-may. [Natalya Yarmola]

BERLIN – Bu yil Yevropada yashovchi ruslar tomonidan oʻtkazilgan Gʻalaba bayrami Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etayotgan bir paytda Kreml tashviqotining xorijdagi koʻlamini namoyish etgan.

Barcha sobiq sovet davlatlari, shu jumladan Ukraina ham 9-may kuni Sovet qoʻshinlarining fashistlar Germaniyasi ustidan qozongan gʻalabasini nishonlaydi.

Biroq bu yil Rossiyaning Ukrainaga asossiz bosqini va rus qoʻshinlari tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar ortidan Markaziy Osiyoning bir qancha davlatlari bu kunni keng miqyosda nishonlashdan tiyilganlar.

Qozogʻiston va Oʻzbekistonda Gʻalaba bayramiga bagʻishlangan parad va bayram tadbirlari bekor qilingan, Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (GKNB) esa bosqinchilarni qoʻllab-quvvatlovchi “Z” belgisidan foydalanishni taqiqlagan.

Berlindagi ulkan Sovet harbiy memoriali joylashgan Treptauer xiyobonida ham keskinlik sezilib turgan. Berlin, 9-may. [Aleksey Kostenko/Karvonsaroy]

Elchixonalar tomonidan Sovet armiyasi askarlari yodgorligiga qoʻyilgan gulchambarlar, Berlin, Treptov-park, 9-may, [Aleksey Kostenko]

Elchixonalar tomonidan Sovet armiyasi askarlari yodgorligiga qoʻyilgan gulchambarlar, Berlin, Treptov-park, 9-may, [Aleksey Kostenko]

Ukrainadagi urush va Rossiyaning bosqin haqidagi tinimiz dezinformatsiyasi tufayli Gʻalaba kunida tobora kattaroq boʻlinish yuzaga kelgan.

9-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qizil maydonda oʻtkazilgan har yilgi harbiy parad ochilishida soʻzga chiqib, Rossiya Ukrainadagi urush bilan “Vatan”ni himoya qilayotganini taʼkidlagan edi.

U fursatdan foydalanib, “maxsus harbiy operatsiya” uchun vatanparvarlik qoʻlloviga erishish umidida Rossiyaning bosqinini himoya qilgan.

U boshlanganiga ikki oydan oshgan mojaro qanday davom etayotgani haqida gapirmadi, biroq halok boʻlgan askarlarning oilalari “oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan judolikka” uchraganini tan oldi.

“Yangi gʻalaba”

Bayram vaqtida Yevropada yashovchi ayrim ruslar ommaviy ravishda Putinning soʻzlarini, shuningdek, Rossiya tashviqot mashinasi tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiyani takrorladilar.

Gʻalaba kuni arafasida Berlin maʼmuriyati yodgorliklar yaqinida va yonida Ukraina, Rossiya va sovet ramzlaridan foydalanishni taqiqladi.

Shahardagi ukrainaliklar 8-may kunini cheklovlarga muvofiq nishonlagan boʻlsa-da, Berlinda yashayotgan ruslar unday qilishmagan.

Berlindagi ruslar 9-may kuni Brandenburg darvozasi oldida “Oʻlmas polk” tadbiriga yigʻilishdi, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ota-bobolarining portretlarini koʻtarib, uyushgan holda Ukraina faollari bir kun oldin yigʻilgan yodgorlik tomon yurdilar.

“Ular yoʻl boʻyi “tez orada yangi gʻalabaga erishamiz” deb baqirib ketishdi”, deydi “1+1” Ukraina telekanalining “Televizion yangiliklar xizmati” uchun Berlindagi voqealarini yoritayotgan jurnalist Natalya Yarmola Karvonsaroyga.

“Biz ehtiyotkorlik bilan politsiyachilar oldidan oʻtib ketayotgandik. Toʻsatdan kimdir ukraincha gapirayotganimizni eshitib qoldi. Olomon orasidan bir kishi oldimizga kelib, Ukraina haqiqiy davlat emasligini aytdi”, dedi u.

“Keyin ular “sizlar odam emassizlar, barcha ukrainaliklarni qirib tashlash kerak”, deb baqirib, “maxsus operatsiyani” qoʻllab-quvvatlashlarini aytishdi”, dedi Yarmola Kremlning Ukrainadagi bosqinga oid evfemizmini nazarda tutib.

Kuchaytirilgan xavfsizlik choralari politsiyaga vaziyatni nazorat qilish va olomonni ushlab turishga imkon berdi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Agar doim yonimizda turgan huquq-tartibot idoralari xodimlari boʻlmaganida, bu mojaro, bu tajovuz yanada kattaroq narsaga aylanib ketishi mumkin edi”, deydi u.

“Qaytishda rossiyalik ayol va erkakni uchratdik – erkak teleboshlovchimiz Natalya Moseychukni qoʻlidan tutib qoldi”, dedi Yarmola.

“Oʻsha kuni biz Rossiya televideniyesida aytiladigan barcha gap-soʻzlarni eshitdik”, deydi u.

“Bu gaplar Yevropada uzoq yillardan beri yashab kelayotgan rossiyaliklar tarafidan aytilgani meni hayratda qoldirdi. Axir ular bu yerda turli kommunikatsiya kanallarini kuzata oladilar-ku”, deydi Yarmola.

Berlindagi ulkan Sovet harbiy memoriali joylashgan Treptauer xiyobonida ham keskinlik sezilib turgan.

Odamlar ertalabdan sovet askarlari sharafiga oʻrnatilgan yodgorlikka gullar olib kelishgan, guruh-guruh boʻlib, sovet qoʻshiqlarini kuylashgan.

Treptov-parkdagi tadbirlar tinch oʻtgan boʻlsa-da, ishtirokchilar tillariga erk berishgan.

“Hozir men garchi Sovet Ittifoqining fuqarosi sifatida, ayniqsa, bu yerda va ayniqsa bugun bunga haqli boʻlsam-da, sumkamdan bayroqlarni chiqara olmayman”, dedi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan Vadim Koretskiy Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Ularni oʻzim bilan olib kelganman. Bu yerda hech bir ablah menga buni taqiqlashga haqqi yoʻq, lekin ular shunday qilishyapti”, deydi 20 yildan beri Germaniyada yashab, 9-may kunlari muntazam ravishda Berlinga kelib turadigan Koretskiy.

Bu safar u taqiqlangan rus va sovet ramzlari oʻrniga yenglariga oq tasma bogʻlab olgan.

“Oq tasma hozirgi vaziyatda maʼlum boʻlgan narsani anglatadi. Bu hozirda mamlakatim askarlari kiyib yurgan kiyimdir. Aynan “maxsus operatsiya” vaqtida. Bu mening shaxsiy mujdam”, deydi Koretskiy.

U Rossiya armiyasi Ukrainada aynan nima bilan shugʻullanayotgani haqidagi savolga “u yerda demilitarizatsiya va tinchlikparvarlik jarayonini olib borilayotganini” aytgan.

Tarixiy tashviqot

Ikkinchi jahon urushi haqidagi Rossiya tashviqoti bir necha yillardan beri davom etmoqda, deb aytgan Ukraina tarixi instituti olimi va tadqiqotchisi Yana Primachenko.

Primachenkoga koʻra, “bu jarayon 2010-yilda boshlangan. Oʻsha vaqtda matbuot anjumanlaridan birida Putin urushdagi yoʻqotishlar va askarlarning 70 foizi RSFSRga (Rossiya Sovet federativ sotsialistik respublikasi) toʻgʻri keladi, demak gʻalaba faqat Rossiya tufayli boʻlgan”, degan edi.

“Bugun rossiyaliklar Ikkinchi jahon urushida Ukrainasiz, Ittifoqning boshqa respublikalarisiz gʻalaba qozonishga qodir boʻlganliklariga ishonadilar”, dedi u.

Yangiliklar tashviqotiga oʻxshab, Rossiyaning tarixiy tashviqoti ham manipulyatsiya va faktlarni noxolis tanlashga asoslangan, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Rossiyaliklar etnik tamoyilga asoslanib shunday hisob-kitob qilishgan. Bunda ular hamma ruslarni RSFSR fuqarolari deb hisoblashgan. Ammo Sovet Ittifoqida hech qaysi respublika etnik jihatdan bir guruhga mansub boʻlmagan.”

“Masalan, Qozogʻistonni oladigan boʻlsak, 1939-yildagi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻistonda ruslar qozoqlarga nisbatan koʻproq boʻlgan”, deydi Primachenko.

“Agar etnik tamoyilga asoslanib hisoblasak, Qozogʻistonning gʻalabaga qoʻshgan hissasi eng kichigi boʻladi, chunki u yerda faqat 130 mingta etnik qozoq askarlari oʻldirilgan.”

“Ammo, aslida urush vaqtida halok boʻlgan qozogʻistonlik chaqiriluvchi askarlar soni kamida ikki marta koʻp boʻlgan”, dedi u urushda jon fido qilgan Qozogʻistondagi turli etnik guruhlarga ishora qilib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu ishlari uchun ularni deportatsiya qilish kerak, Yevropa mamlakatlari qonunchiligiga koʻra, bu terrorchilik va qatliomga bevosita chaqiruv.

Javob berish

Bu toʻdaning barini oʻzlarining sevimli Parashasiga depor qilish kerak. Demokratik Yevropa havosini buzmasliklari uchun.

Javob berish

Orkistonliklar Moskvaga yaqinroq turishlari kerak. Aks holda, ular parchalanishdan keyin boshqa mamlakatda uygʻonishlari mumkin.

Javob berish