BISHKEK – Rossiya “mayin kuch” deb yuritiladigan siyosati bilan o‘zini Markaziy Osiyoning ishonchli va sodiq ittifoqdoshi sifatida namoyon qilishga urinsa-da, uning rus auditoriyasi tinglaydigan yoki ko‘radigan aksilmuhojirlik kayfiyatidagi, kamsituvchi so‘zamolligi ushbu mintaqa vakillariga nisbatan haqiqiy munosabatni fosh qiladi.
Xorijdagi Rossiya ommaviy axborot vositalari Markaziy Osiyo bilan do‘stona munosabatlarni yoritish, o‘z uyida esa etnik adovat va qo‘rquv paydo qilish bilan band.
Yaqinda yuz bergan shu kabi voqealardan biri – Rossiyaning “Komsomolskaya Pravda” gazetasida qirg‘izistonlik migrantlar haqida vahimali maqola chop etilgani bo‘ldi.
19-avgustdagi maqola Moskvani “migrantlar shahri” deb tasvirlaydi. U yerda qirg‘izlar “poytaxtda yashash uchun qulay shart-sharoitlar tizimini yaratib olishgan”.
Bu yerda o‘zbek va tojiklar ham ko‘p bo‘lib, qirg‘izlar shahardagi eng katta migrantlar guruhi bo‘lmasa-da, ular o‘zlarining ko‘chmas mulk agentliklari, bandlik idoralari, yuridik ofislar, tibbiy markazlar, sport klublari, tungi klublar va go‘zallik salonlarini ochishgan, deyiladi maqolada.
“Maqsad sport bilan shug‘ullanish xolosmi? Balki ular yashirin tarzda jangarilarni tayyorlayotgandir?” deya savol beradi Rossiyaning “Komsomolskaya Pravda” gazetasi.
Rossiya nashrlarida bu kabi bir tomonlama maqolalarning chiqishi odatiy hol, deydi Chuy viloyatining So‘quluq qishlog‘ida yashovchi Mayrambek Osmonov. U bahorda Rossiyadan o‘z vataniga qaytgan.
“Ular bizga o‘xshagan kelgindilarga qarshi ochiqdan-ochiq millatchilik ruhidagi maqolalarni tez-tez yozib turishadi”, dedi u Karvonsary nashriga. “Mushtariylar esa qo‘pol izohlar qoldirib, qayerdan kelgan bo‘lsak, shu yerga ketishimiz kerakligini yozishadi.”
Bunday maqolalar mahalliy fuqarolarda migrantlarga qarshi tajovuzini kuchaytiradi, dedi Osmonov. Mahalliy hukumat boshqa etnik guruhlarga nisbatan ig‘vogarlikka qarshi kurashishga harakat qilmaydi, deb qo‘shimcha qildi u.
Qirg‘izistonda bunday maqolalar hech qachon chop etilmagan bo‘lardi, dedi u. “Prokuratura etnik adovat qo‘g‘agani uchun ommaviy axborot vositasini javobgarlikka tortgan bo‘lardi.”
Markaziy Osiyodagi o‘zgacha ohang
Bir vaqtning o‘zida, Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan Rossiyaning axborot siyosati davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik haqida butunlay boshqa vaziyatni tasvirlaydi.
Masalan, “Komsomolskaya Pravda” gazetasining Qirg‘izistondagi bo‘limi 26-iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon Ota shahrida bo‘lib o‘tgan bir haftalik kinofestival haqida maqola chop etgan va uni “xalqlarimiz va davlatlarimizni birlashtiruvchi ijodiy loyiha” deb nomlagan.
Gazetaning Rossiyada ig‘voli va Qirg‘izistonda maqtovli maqolalar yozishi Rossiya ommaviy axborot vositalarining ikkiyuzlamachiligini namoyon qiladi, dedi Osmonov. “O‘z mamlakatlarida bizdan nafratlanishadi va bizni haqoratlashadi. Qirg‘izistonda esa do‘stona munosabatni namoyish qilishadi.”
Kremlning ikkiyuzlamachiligi qo‘shni Markaziy Osiyodan foydalanib qolishga qaratilgan.
50 milliondan ortiq aholi yashaydigan, suv va energetika, tabiiy resurslariga boy, strategik transport infratuzilmasiga va katta istiqbolga ega Markaziy Osiyo Rossiyada doim qiziqish uyg‘otgan, deydi bishkeklik OAV tahlilchisi Erlan Satibekov.
Shu sababli ham Qirg‘izistonda Rossiyaning qator ommaviy axborot vositalari o‘z idoralariga ega. Hukumatga qarashli bosma nashrlar, telestansiyalar va Sputnik axborot agentligi shular jumlasidan, dedi u Karvonsaroy nashriga.
Qirg‘isiztonda faoliyat yuritayotgan Rossiya ommaviy axborot vositalarining asosiy maqsadi – Rossiyaning ijobiy imidjini yaratish hamda (mahalliy) hukmron elita va xalqning sodiqligiga erishish”, dedi u. Ular Kremlning mintaqadagi ta’sirini mustahkamlash uchun o‘z tashviqotlarini kuchaytirmoqdalar, deb qo‘shimcha qildi u.
Moskva o‘z nazorati ostidagi axborot vositalaridan Markaziy Osiyoliklarni o‘zining tashqi siyosatiga og‘dirish uchun foydalanmoqda, bu siyosat esa “boshqa mamlakatlarning keskin tanqidiga uchragan”, deb tushuntirdi u. “Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalari, sharqiy Ukrainadagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlash, Qrim yarimorolining anneksiyasi va boshqalar shular jumlasidandir.”
Shu bilan birga, Kremlparast ommaviy axborot vositalarining asosiy yo‘nalishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlay oladigan kuchli, matonatli yetakchi sifatida prezident Vladimir Putinning ijobiy imidjini targ‘ib qilish, dedi Satibekov.
“Moskva uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbariyatini o‘z tashabbusi ostidagi loyihalarga jalb etish muhim, ularning fikricha, bu bizning mintaqa manfaatlari uchun xizmat qiladi”, dedi u.
“Hukmron elitalarning yordamisiz Kreml, deylik, Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (YIH) g‘oyasini amalga oshirishga qiynalgan bo‘lar edi.”
Satibekovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya uchun u bilan hamkorlikdan olinadigan iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish ham muhim masala.
Rossiya ommaviy axborot vositalari uchun nafaqat mintaqa rahbarlari, balki, uning ko‘p millionlik aholisining fikrini shakllantirish ham muhim, deb qo‘shimcha qildi u.
“Ular o‘zlariga qarshi fikrlar bilan hisoblashishga majburlar, chunki ko‘pchilik mahalliy va xorijiy iqtisodchilar YIH istiqbollarini tanqid qilmoqda. Ular bu tashkilotning kuchsiz nuqtalariga e’tibor qaratmoqdalar”, dedi u.
Yo‘qolib borayotgan ishonch
Qirg‘izistonda Rossiya axborot vositalarining nufuzi pasayib, Kremlning yolg‘onlari haqiqatdan yiroqlashib borar ekan, ular uchun maqsadga erishish tobora qiyinlashmoqda.
2017-yilning mart oyida Bishkekdagi Pro-kg siyosiy texnologiyalar markazi hamda “El-Pikir” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi hamkorlikda o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, Rossiya ommaviy axborot vositalaridan axborot oladigan qirg‘izistonliklarning soni yil sayin kamayib bormoqda.
So‘rovnomada Qirg‘izistonning 48 shahridan 1200 odam ishtirok etgan. Unga ko‘ra, qirg‘iz milliy televideniyesi ular uchun eng asosiy siyosiy axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi: 72,9 foiz ishtirokchi uni tomosha qilishini aytib o‘tgan. So‘ralganlarning 17,6 foizigina Rossiya telekanallarini ko‘rishi ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2015-yildan beri 3,2 foizga kamaygan.
Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, bunga Rossiya axborot vositalarining o‘zlari aybdor, chunki ular ochiqdan-ochiq tashviqot bilan shug‘ullanmoqdalar.
“Xulosa chiqarish uchun “so‘zamol” sarlavhalar va noxolis maqolalarga nazar tashlashning o‘zi kifoya”, deydi bishkeklik siyosiy tahlilchi Askat Dukenbayev Karvonsaroy nashriga.
“Bu materiallarda professional jurnalistikadan asar ham yo‘q”, dedi u. “Biz ko‘p hollarda, aniq maqsadga yo‘naltirilgan, tashviqiy, manipulyativ faoliyatga guvoh bo‘lyapmiz.”
Qirg‘izistonda yolg‘on tarqatuvchi Rossiya ommaviy axborot vositalarining kelajagi yo‘q, dedi sobiq migrant Osmonov.
“Ular bizni axmoq deb o‘ylashadi shekilli”, deydi u. “Biz Moskva gazetalari ta’riflagan yovvoyi telbalar emasmiz. Ikkiyuzlamachi bo‘lsangiz, sizga hech kim ishonmaydi.”
Amerika sobiq sovet respublikalari va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarga putur yetkazishga urinayotgani haqida bu yerda hech qanday izoh yoʻqligi tabiiy. Ular OʻZ TASHVIQOTI BILAN Markaziy Osiyoga loy chaplab turganida bu haqda nima ham deya olar edi?
Javob berishFikrlar 5
Men esa mardilarimizga achinmayman, chunki kundan kunga amin boʻlib boryapmanki, “loʻlilarimizga” Erefiya hududida sangʻib yurish yoqar ekan, eʼtiborlisi, bir vaqtlar afrikaliklarni kemalarning diqqinafas yukxonalarida Amerika olib borishgani kabi, ularni hech kim u yerga majburlab olib bormaydi, ular oʻzlari boraveradilar, oʻzimizda hech kim ochdan oʻlgani yoʻq, aslida migrantlar ochlikdan saqlanish emas, koʻproq pul ishlash uchun boryapti.
Javob berishFikrlar 5
Odamlar, siz eng avvalo inson ekanligingizni unutmang! Oddiy xalq, mehnatkash odamlar, oʻz qoʻllari bilan nonini topishga oʻrganganlar hamma yerda bor. Yaqinlariga yaxshilik istagan, ota-onasi, farzandlari muhtoj boʻlmasligi uchun ularni Vatanda qoldirib uzoq yurtlarga yaxshi hayot izlab ketganlar har bir davlatda topiladi. Oilasi va yaqinlaridan yiroqda, doim ham qulay boʻlmagan sharoitlarda yashash osonmas.
Javob berishFikrlar 5
Xitoydan tovarlar o‘tkazish uchun chegarani ochinglar, Moskvaning tiz choʻkib yalinib keladi.
Javob berishFikrlar 5
Ruslar qoloq, ular g‘arbga hasad va nafrat bilan qarashadi, G‘arbda yashashga va uning afzalliklaridan bahramand bo‘lishga intiladilar, lekin G‘arbning qadriyatlarini inkor qiladilar.
Javob berishFikrlar 5