Karvonsaroy
Salomatlik

Rossiyaning COVID-19ga qarshi vaksinasi atrofida shubhalar kuchayib borgani sayin Kreml hujumga oʻtmoqda

Karvonsaroy

Rossiyaning COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinasi reklama videoroligida sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan qoplangan yer shari atrofida aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan. [Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi]

Rossiyaning COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinasi reklama videoroligida sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan qoplangan yer shari atrofida aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan. [Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi]

Sinalgan va samarali COVID-19 vaksinasini yaratish boʻyicha global musobaqa kuchayib borar ekan, Rossiya rejimi oʻzining “Sputnik V” deb nomlangan nomzod-vaksinasi atrofidagi ritorikani kuchaytirmoqda.

“Bu poygaga birinchi boʻlib kirishning oʻzi yetarli emas”, degan edi 11-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

“Sputnik V” atrofidagi shubhalar kuchayib borar ekan, Kreml ham hujumga oʻta boshlagan.

Moskvaning Sputnik V” vaksinasini ilgari surish kampaniyasi vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan va tanqidni koʻtarmaydi – “Kreml xavfsizlikni oʻylamayapti” degan daʼvolar Rossiyaga qarshi boʻhton sifatida talqin qilinmoqda.

10-sentabr kuni Moskvadagi klinikada 36 yoshli koʻngilli Ilya Dubrovinni Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlayotgan hamshira. Xabarlarga koʻra, “koʻngillilar”ning koʻpchiligi sinovda ishtirok etishga majburlangan yoki bosimga uchragan.

10-sentabr kuni Moskvadagi klinikada 36 yoshli koʻngilli Ilya Dubrovinni Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlayotgan hamshira. Xabarlarga koʻra, “koʻngillilar”ning koʻpchiligi sinovda ishtirok etishga majburlangan yoki bosimga uchragan.

Putinning dezinformatsion ssenariysida alohida sahifani egallaydigan targʻibot kampaniyasi doirasida COVID-19ga qarshi boshqa nomzod vaksinalar asossiz daʼvolar bilan shubha ostiga olinadi. Gʻarb davlatlarining vaksina ishlab chiqishdagi ilmiy yondashuvi samarasiz va xavfli, Gʻarbdagi tadqiqotlar esa qoloq, deb taʼkidlanadi.

Vaksinani tanituvchi reklama videoroligida sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan zararlangan yer sharini aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan.

“Dunyoni qutqarish – rus mentalitetiga xos narsa”, deydi mamlakatdagi vaksinatsiya ishlarini moliyalashtirgan Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi bosh direktori Kirill Dmitriyev 30-sentabr kuni Guardian nashriga bergan intervyusida.

Dmitriyev Britaniya maxsus xizmatlarining rossiyalik xakerlar Gʻarbdagi tibbiyot muassasalaridan maxfiy maʼlumotlar oʻgʻirlagani haqidagi daʼvolarini rad etar ekan, ularni “siyosiy sabablar bilan Rossiya vaksinasini badnom qilishga qaratilgan urinish” deb atagan.

19-iyul kuni Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Birlashgan Qirollik va uning ittifoqdoshlari Rossiya maxsus xizmatlarining koronavirusga oid tadqiqotlar olib borayotgan laboratoriyalarga qarshi xakerlik hujumi uyushtirganiga “ishonchi komil” ekanini aytar ekan, bu xatti-harakatlarni “oʻta xunuk va nomunosib ish” deb atagan edi.

Sentabr oyi boshida Oksford universiteti va Britaniyaning “AstraZeneca” farmatsevtika kompaniyasi ishtirokchilarning biridagi tushunarsiz kasallik sababli sinovlarni qisqa muddatga toʻxtatgan, Kreml tashviqotchilari esa bu vaziyatdan tanqid uchun foydalangan edilar.

“Sinovlarning toʻxtatilishi bilan bogʻliq vaziyat butun boshli mamlakatlarning vaksina tanlashda yangi va sinovdan oʻtmagan platformalarga tayanib xato qilayotganini koʻrsatdi”, deb aytgan Dmitriyev 12-sentabr kungi bayonotida.

Jiddiy shubhalar

100 dan ortiq COVID-19 nomzod-vaksinalari ishlab chiqilayotgan va ularning kamida 10 tasi odamlardagi 3 bosqichli sinovdan oʻtkazilar ekan, Kreml bu borada jiddiy raqobatga duch kelgan.

Bu orada Xitoy rejimi ham norasmiy sinovlarda oʻn minglab xitoyliklarni samarasi isbotlanmagan dorilar bilan emlash orqali koronavirusga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini davom ettirmoqda.

Rossiyalik tadqiqotchilar 4-sentabr kuni “Lancet” tibbiy nashrida oʻzlarining 1/2 bosqichli sinov natijalarini chop etganlar, bu ularning tadqiqoti ekspert tekshiruvidan oʻtganligini anglatadi.

Vaksina oʻnlab koʻngillilar orasida oʻzining “xavfsiz va yaxshi oʻzlashuvchan” ekanligini isbotladi, deyiladi maqolada.

Shunday boʻlsa-da, dunyodagi tibbiy va ilmiy hamjamiyatlar aʼzolari Rossiya vaksinasining xavfsizligi va samaradorligiga hali ham shubha bilan qaramoqdalar.

12 mamlakatning 30 dan ortiq mutaxassislari tomonidan imzolangan va 7-sentabr kuni eʼlon qilingan ochiq xatda tadqiqot natijalari “maʼlumotlarning nomutanosibligi” sabab shubha ostiga olingan.

Tadqiqotchilar keltirilgan raqamlardagi takrorlanishlarni aniqlab, tadqiqot natijalariga oid maʼlumotlarning toʻgʻriligi “ehtimoldan ancha yiroq” degan xulosaga kelishgan.

Rossiya vaksinasi hatto oʻzi kurashayotgan kasallikdan ham xavfli boʻlishi mumkin, deb taxmin qilgan edi avgust oyida sogʻliqni saqlash sohasidagi bir qator olimlar va tibbiy mutaxassislar.

“Rossiya hukumatida foydalanishga tayyor mahsulot borligi toʻgʻrisidagi bayonotga unchalik ishonmayman”, deb aytgan Nur-Sultondagi ixtisoslashtirilgan COVID-19 kasalxonasi shifokori Asel Saliyeva avgust oyida.

“Vaksina ilk sinovlarda xavfsiz boʻlib tuyulishi, lekin asoratlari keyinroq yuzaga chiqishi mumkin”, dedi u. “Biz millionlab odamlarning sogʻligʻi bilan tavakkal qila olmaymiz, hatto bu xavf oʻzini oqlaydigandek tuyulsa ham.”

“Rossiya vaksinasini ishlab chiqarganlarning oʻzi uning taʼsiri qanchaga choʻzilishini bilmaydi, chunki ular uzoq muddatli va keng miqyosli tibbiy tadqiqotlar oʻtkazishmagan”, deb ogohlantirgan Qirgʻizistondagi Markaziy Osiyo Amerika universiteti molekulyar genetigi Bolot Kalmirzayev.

24-sentabr kuni Xalqaro kosmik stansiya (XKS) tomon parvoz qilishga hozirlik koʻrayotgan rossiyalik kosmonavtlar Putin tomonidan reklama qilinayotgan koronavirusga qarshi vaksinani qabul qilishga hali erta ekanligini aytganlar.

“Shaxsan men vaksina qildirmayman, chunki bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashaman”, dedi 14-oktabr kuni XKSga yetib kelgan uch kishilik ekipaj rahbari, 46 yashar Sergey Rijikov AFP bilan suhbatda.

“Vaksina sinovdan oʻtishi va uning ishonchliligi isbotlanishi bilan uni kosmonavtlarga tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi”, dedi uning hamkasbi 37 yashar Sergey Kud-Sverchkov.

Keng tarqalgan bunday shubhalar Kremlning “Sputnik V” vaksinasini mamlakat faxriga aylantirishga qaratilgan saʼy-harakatlariga putur yetkazgan.

Putin siyosiy manfaat izlamoqda

Kreml xalqaro sahnada obroʻ topishga intilayotgan bir paytda, muvaffaqiyatli vaksina Putinning mashhurligi keskin pasayib borayotgan mamlakat ichida iliq qarshi olinishi turgan gap.

Putin, shuningdek, Rossiya atrofidagi mamlakatlarda Sovet Ittifoqi davrida muzlatilganidan beri qayta jonlanayotgan mojarolar tufayli qoʻrquv ichida qolgan.

Kremlda Belarus va Qirgʻizistondagi siyosiy inqirozlar, shuningdek tobora avj olayotgan Togʻli Qorabogʻ mojarosiga yechim yoʻqqa oʻxshaydi.

Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Rossiya olimlarining uzoq kutilgan vaksinani kashf etgani haqidagi Kremlning bayonotlari Putinning soʻnggi siyosiy nayranglaridan biridir.

“Bu biz intilishimiz kerak boʻlgan jamiyat mulki borligini eʼtirof etuvchi bir guruh odamlarning xiyobonda jentlmenlarcha sayr qilishi emas”, deydi Vashingtondagi xalqaro strategik tadqiqotlar markazining Global sogʻliqni saqlash siyosati markazi rahbari Stiven Morrison Washington Post nashriga.

“Bu geosiyosiy musobaqaga aylandi va koʻplab qiyinchiliklar sharoitida ichki barqarorlik va qoʻllov bilan bogʻliq omil oʻlaroq baholanmoqda”, dedi u.

Dmitriyevning raqib nomzod-vaksinalarga qarshi dahanaki hamlalari esa juda xunuk ish, deydi Morrison.

“Boshqa raqobatchilarning vaksinalarini badnom qilishga urinishi bezorilarga xos xatti-harakatga oʻxshaydi”, dedi u.

Nochorlashayotgan iqtisodiyotni boshqarib turgan Rossiya rejimi oldida vaksina sinovlarini tezlashtirib, uni foydalanishga chiqarish uchun qoʻshimcha motivatsiya bor, u ham boʻlsa – daromad.

Vaksinani sinovchi “koʻngillilar”

“Sputnik V” Rossiyadagi oʻqituvchilar va shoshilinch tibbiy yordam xodimlariga taklif qilingan, ammo Sogʻliqni saqlash vazirligi hozirgacha qancha odam bu taklifni qabul qilganini ochiqlamadi.

Moskvalik 66 yashar geografiya oʻqituvchisi Leonid Perlovning aytishicha, unga potensial vaksina bilan emlanishni taklif qilishgan, ammo u “barcha zaruriy sinov bosqichlaridan oʻtmagani” sababli rad javobini bergan.

U hamkasblari ikki guruhga boʻlinganini aytadi.

“Biologiya oʻqituvchilari vaksina qabul qilishga shoshilmayapti”, dedi Perlov Washington Post bilan suhbatda. “Ammo tarix oʻqituvchilari koʻngilli boʻlishga tayyor.”

Shunga qaramay, hamma ham sinovda oʻz ixtiyori bilan ishtirok etmayotgani maʼlum boʻlmoqda.

Guardian nashrining yozishicha, Moskvadagi hukumat idoralaridan birining xodimiga sinovga yozilishi kerakligini aytib, bosim oʻtkazishgan.

“Sinov jarayonida ishtirok etish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtishimiz kerakligi maʼlum edi”, dedi xodim. “Qabulga kelishim kerakligini aytish uchun qoʻngʻiroq qilishganida, bahona izlashga majbur boʻldim.”

Koʻngilli sifatida emlanishga qaror qilgan rossiyalik jurnalist ayollardan biri vaksinatsiya markaziga borganida, u yerdagi erkaklardan biri bu ishga majburlanayotganini aytib shikoyat qilgan.

“Sputnik V” dastlab rossiyalik harbiylar orasidan tanlab olingan bir nechta koʻngillida sinab koʻrilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada koronavirusga qarshi 150 ta vaktsina ixtiro qilindi, lekin negadir ularning oʻziga foyda bermayapti. Epidemiya hafta sayin koʻpaymoqda.

Javob berish