Karvonsaroy
Salomatlik

Koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasining noodatiy sinovlari mutaxassislar orasida tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda

Karvonsaroy

Yisheng Biopharma laboratoriyasida koronavirusga qarshi vaksina ustida ishlayotgan tadqiqotchilar, 9-iyun, Xitoyning Shenyan shahri. Yisheng Biopharma – vaksina yaratish musobaqasida ishtirok etayotgan Xitoy laboratoriyalaridan biri boʻlib, bu yerda tadqiqotchilar dam olish kunlari ham ishlaydilar. Tajriba uchun maymunlar yetishmayapti, vaksinani xorijdagi odamlarda sinab koʻrish rejalashtirilmoqda. [NOEL CELIS/AFP]

Yisheng Biopharma laboratoriyasida koronavirusga qarshi vaksina ustida ishlayotgan tadqiqotchilar, 9-iyun, Xitoyning Shenyan shahri. Yisheng Biopharma – vaksina yaratish musobaqasida ishtirok etayotgan Xitoy laboratoriyalaridan biri boʻlib, bu yerda tadqiqotchilar dam olish kunlari ham ishlaydilar. Tajriba uchun maymunlar yetishmayapti, vaksinani xorijdagi odamlarda sinab koʻrish rejalashtirilmoqda. [NOEL CELIS/AFP]

PEKIN – Jahon arenasidagi mavqeini tiklashga intilayotgan Xitoy rejimi anʼanaviy sinov jarayonini chetlab oʻtib, oʻn minglab xitoyliklarga samarasi isbotlanmagan preparatlar berish bilan koronavirusga qarshi emlash kampaniyasini olib bormoqda.

COVID-19ga qarshi tekshiruvdan oʻtgan vaksina ishlab chiqargan ilk mamlakat boʻlish uchun poygalashayotgan Pekin oʻz fuqarolarini emlashga jalb qilgan yoki majburlagan.

Davlat kompaniyalari xodimlari, hukumat lozim topgan ishchilar va farmatsevtika kompaniyalari xodimlarining oʻzi uchta sinov vaksinasi bilan emlanmoqda, deb yozadi The New York Times 26-sentabr kuni.

Shuningdek, tibbiyot xodimlari, oʻqituvchilar, supermarketlar ishchilari, chegara inspektorlari, aviatsiya sohasi xodimlari va “oʻrta va yuqori xavf hududlariga” sayohat qilayotgan shaxslarni ham emlash tavsiya qilingan.

Tibbiy xodim va volontyor Paulo Roberto Oliveyra 8-avgust kuni Braziliyaning Portu-Alegri shahrida COVID-19 potensial vaksinalarining klinik sinovlarini oʻtkazish uchun tasdiqlangan Xitoyning 11 kompaniyasidan biri – Sinovac Biotech tomonidan ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinasi bilan emlanmoqda. Vaksina Braziliyada Butantan instituti bilan hamkorlikda sinovdan oʻtkazilmoqda. [SILVIO AVILA/AFP]

Tibbiy xodim va volontyor Paulo Roberto Oliveyra 8-avgust kuni Braziliyaning Portu-Alegri shahrida COVID-19 potensial vaksinalarining klinik sinovlarini oʻtkazish uchun tasdiqlangan Xitoyning 11 kompaniyasidan biri – Sinovac Biotech tomonidan ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinasi bilan emlanmoqda. Vaksina Braziliyada Butantan instituti bilan hamkorlikda sinovdan oʻtkazilmoqda. [SILVIO AVILA/AFP]

6-sentabr kuni Pekinda “China National Biotec Group” kompaniyasining koronavirusga qarshi sinov vaksinasi taqdim etildi. [NOEL CELIS/AFP]

6-sentabr kuni Pekinda “China National Biotec Group” kompaniyasining koronavirusga qarshi sinov vaksinasi taqdim etildi. [NOEL CELIS/AFP]

Iyul oyida Pekin virus yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan muayyan guruhlar uchun sinovdan oʻtkazilayotgan vaksinalarni favqulodda qoʻllashni maʼqullagan edi.

The New York Times nashrining xabar berishicha, PetroChina davlat neft gigantining ishchilari qatʼiy taklif olganlar: ular xorijiy mamlakatda ishlab, oʻzlarini himoya qilish uchun ikki vaksinadan birini tanlashlari kerak.

Hukumatning taʼkidlashicha, klinik sinovlar dastlabki bosqichda vaksina xavfsiz ekanligini koʻrsatgan. Ularda ehtimoliy nojoʻya taʼsirlar tilga olinmagan va vaksinaning tartibga soluvchi organlar tasdigʻidan oʻtmagan boshqa xavflari haqida ogohlantirishlar yoʻq.

Xodimlar “samarasi isbotlanmagan vaksinalarning norasmiy klinik sinovlari uchun tajriba quyonchalari” vazifasini oʻtaydilar, deb yozadi nashr.

Xitoyning “vaksinadan mamlakat ichida favqulodda foydalanishga oid ruxsati” Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan maʼqullanmagan, dedi 26-sentabr kuni xalqaro tashkilot vakili.

Vaksinaning noodatiy sinovlari

Xitoy hukumati potensial vaksinaning klinik sinovlariga parallel ravishda asosan Xitoydan tashqarida oʻtkazilayotgan norasmiy sinovlarda yanada koʻproq odamni emlashni rejalashtirmoqda.

3-bosqich klinik sinovlarining ishtirokchilari diqqat bilan kuzatilib, nazorat qilib borilmoqda, ammo Xitoy rasmiylari mamlakat ichida yeng shimargan har bir kishiga nisbatan shunday choralar koʻrayotgani aniq emas.

Kuzatuvchilarga koʻra, xitoylik vaksina ishlab chiqaruvchilar va davlat kompaniyalari xodimlari vaksina bilan bogʻliq masalada bosimga duch kelmoqda.

“Kompaniyalar xodimlari uchun xavotirlisi shuki, ular uchun bu taklifni rad etish qiyin boʻlishi mumkin”, deydi Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan Merdok nomidagi bolalar ilmiy-tadqiqot institutining pediatri, doktor Kim Malxolland. U koʻplab vaksinalar, jumladan, COVID-19 vaksinasi sinovini nazorat qilishda ishtirok etgan, deb yozadi The New York Times.

Bunday gʻayrioddiy sinovlarda qancha xitoylik ishtirok etgani aniq emas.

Emlanuvchilarning OAVda gapirishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ulardan maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilmaslikka oid kelishuv imzolash soʻralgan.

PetroChina xodimlariga taklif qilingan sinov vaksinalarini ishlab chiqargan Xitoyning Sinopharm davlat kompaniyasi yuz minglab odam emlanganini maʼlum qildi.

Pekinda joylashgan Sinovac Biotech kompaniyasining taʼkidlashicha, mamlakat ichida vaksinadan favqulodda foydalanish dasturi asosida shaharda 10 mingdan ziyod odam emlangan. Bundan tashqari, 6-sentabr kuni kompaniyaning deyarli barcha (jami 3000 ga yaqin) xodimlari va ularning oila aʼzolari vaksina olishgani xabar qilingan.

China National Biotec Group (CNBG) kompaniyasining marketing boʻyicha bosh direktori oʻrinbosari Chjan Inan ham oʻzi ishlaydigan kompaniyaning vaksinasi bilan emlanganini aytgan, deb yozadi South China Morning Post nashri 6-sentabr kuni.

“Men singari yana 150 nafar xodim emlandi”, dedi u Pekinda xizmatlar bilan savdo qilish boʻyicha Xitoy xalqaro yarmarkasida.

“Suvni loyqalatish”

Sinovac ham, CNBG ham xorijda keng koʻlamli klinik sinovlar olib bormoqda.

Kompaniya vitse-prezidenti Chjan Yuntaoning soʻzlariga koʻra, CNBGning 3-bosqich sinovlariga 10 ga yaqin mamlakatda 50 ming koʻngilli jalb etilishi kutilmoqda.

Sinov jarayonlari Argentina, Bahrayn, Iordaniya, Marokash, Peru va Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) davom etmoqda, deb xabar qildi Reuters 5-sentabr kuni.

Pokiston va Serbiya ham CNBG nomzod vaksinasining 3-bosqich sinovlarida ishtirok etishga rozilik bergan.

35 mingdan ortiq odam emlangan BAAda 3-bosqich klinik sinovlari noyabr oyida yakunlanishi kutilmoqda, deb yozadi South China Morning Post.

Bu orada Sinovac Turkiya, Bangladesh, Braziliya va Indoneziyada 3-bosqich sinovlarini oʻtkazmoqda.

Avstraliyaning Sidney shahridagi Yangi Janubiy Uels universiteti Kirbi institutining bioxavfsizlik dasturi rahbari Rayna Makintayr 3-bosqich sinovlari tugamagunicha vaksinalarni favqulodda qoʻllashdan qaytargan.

“3-bosqich sinovi natijalarini olishimiz uchun 3 oydan 6 oygacha vaqt ketishi mumkin – bu unchalik katta muddat emas”, dedi u The New York Times nashriga.

“Eng yaxshi potensial vaksina uchun 3-bosqich sinovlari boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlib turgan paytimizda suvni loyqalatmoqdasiz”.

Seul shahridagi Xalqaro vaksina instituti rahbari Jerom Kimning aytishicha, u oʻzini samarasi nomaʼlum vaksina bilan himoyalangan deb hisoblaydiganlarning xatti-harakatlarni xavfli boʻlishi mumkinligidan xavotirda.

“Bu turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, dedi u Times bilan suhbatda. “Ular virus yuqtirgan boʻlishi va bundan bexabar boʻlishi mumkin yoki vaksina qisman taʼsir qilgan boʻlsa, nisbatan simptomsiz boʻlgani uchun infektsiya tarqatishi mumkin.”

Tarixni qayta yozishga urinish

Pekin COVID-19 epidemiyasiga beparvo munosabatda boʻlgani va aybni oʻzidan soqit qilib, yolgʻon maʼlumotlar yoyinlashga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyalari uchun malomat qilingan edi.

Agar rejim COVID-19ning qay darajada xavfli ekanligi borasida avvaldanoq shaffof boʻlganida, butun dunyoda unga qarshi chora koʻrish, minglab odamlar hayotini saqlab qolish va keyingi tartibsizliklarning oldini olish uchun yetarli vaqt boʻlar edi, deydi tahlilchi va kuzatuvchilar.

Xitoy rasmiylari halokatli kasallik avj olayotganini bilaturib, deyarli bir hafta sukut saqladilar (14-19 yanvar) va Uxandagi virusning dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻydilar, deb xabar bergan edi Associated Press aprel oyida.

AP ixtiyoriga kelib tushgan ichki hujjatlar va mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, oʻsha halokatli olti kunlik sukunat chogʻida kamida 3000 kishi kasallangan.

Kasallanishlar sonini kuzatib borayotgan Jons Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, dushanba (5-oktabr) kuni holatiga dunyo boʻylab jami 35238623 ta kasallanish holati roʻyxatga olingan.

Umumiy hisobda 1037914 ta oʻlim qayd etilgan.

Xalqaro hamjamiyatning eʼtiroziga duch kelgan Pekin COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urishda davom etdi.

“Niqobli diplomatiya”

Bu orada Xitoy kompaniyalari pandemiyani daromad manbaiga aylantirishga ulgurdi.

Xitoy rejimi kasallik avj olishi ortidan yuzaga kelgan talabni qondirish uchun shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishga zoʻr berdi.

Birinchi yarim yillikda 73 mingdan ortiq, jumladan, narx va talabning keskin ortishi tufayli aprel oyining oʻzida 36 mingdan ziyod yangi kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Mart-may oraligʻida Xitoy 50 milliard donadan ortiq niqob eksport qilgan, bu oʻtgan yilgi hajmdan 10 marta koʻp, deydi tahlilchilar.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy rasmiylari Shinjon hududidagi musulmon ozchilikni shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlamoqdalar. The New York Times gazetasining yuzlab video, fotosuratlar va rasmiy hujjatlarga asoslangan hisoboti shundan dalolat beradi.

Bu Pekin tomonidan olib borilayotgan dasturning bir qismi boʻlib, uning doirasida oxirgi bir necha yil ichida milliondan ortiq musulmonlar, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlar mafkuraviy lagerlarga joylashtirilgan.

Niqoblar butun dunyo boʻylab sotilmoqda yoki tashviqot quroli oʻlaroq hadya qilinmoqda. Tahlilchilar buni virus bilan bogʻliq aybni soqit qilish yoʻlidagi “niqoblar diplomatiyasi” deb ataganlar. Shunga boʻlsa-da, ayrim hollarda past sifat sababli bunday chora ham koʻngilsiz oqibatlarga olib kelgan.

Shunday holatlarning birida Xitoy kompaniyalaridan biri shifokorlarni himoyalashga moʻljallangan yarim million dona qalbaki COVID-19 niqoblarni sotgan. Kompaniya niqoblarning koronavirus bemorlari bilan ishlovchi tibbiy xodimlar uchun N95 standartlariga javob berishini va rasman sertifikat olganini yolgʻondan daʼvo qilgan.

Pokistondagi tibbiyot xodimlari Xitoyda ishlab chiqarilgan nosoz nafas oldirish qurilmalari COVID-19ga chalingan koʻplab bemorlar oʻlimiga sabab boʻlganini aytganlar. Mamlakat sogʻliqni saqlash xodimlari sifatsiz nafas oldirish apparatlaridan tashqari, noaniq ishlaydigan harorat oʻlchagichlar, sifatsiz yuz niqoblari va baxilalardan ham koʻp shikoyat qilishgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Men bu kasallikni ishlab chiqib, tarqatganlarni ochiqlagan AP agentligi va Trampni qoʻllab-quvvatlayman. Mening fikrim ular bilan bir xil.

Javob berish

Soʻkish musobaqasida kim yutsa ham

Javob berish