Karvonsaroy
Salomatlik

Xalqaro tergov guruhi Xitoyni COVID-19 virusining kelib chiqishiga oid maʼlumotlarni yashirishda aybladi

Karvonsaroy va AFP

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutaxassislar guruhining Uxanga tashrifi yakunlari yuzasidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida soʻzga chiqqan Piter Ben Embarek, 9-fevral. [Gektor Retamal/AFP]

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutaxassislar guruhining Uxanga tashrifi yakunlari yuzasidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida soʻzga chiqqan Piter Ben Embarek, 9-fevral. [Gektor Retamal/AFP]

PEKIN – Xitoy hukumatining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislariga dastlabki COVID-19 holatlari boʻyicha qayta ishlanmagan maʼlumotlarni topshirishdan bosh tortgani pandemiya kelib chiqishini oʻrganayotgan mutaxassislarni ranjitgan.

Koronavirus kelib chiqishini inkor etish, yolgʻonga chiqarish, adashtirish va chalkashtirishlardan bir necha oy oʻtganidan soʻng, Pekinning shaffof emasligidan ajablanmasa ham boʻladi.

Xitoy rejimining voqelikni buzib koʻrsatishi va keyinroq kasallik tarqalishi bilan bogʻliq yolgʻonlarni oqlashga urinishlari eng avvalo pandemiya markazi boʻlgan Uxanning oʻzida yuz bermoqda .

JSST guruhi yakuniy xulosaga kelmasdan, Uxanda bir oy davom etgan missiyasini yakunlagan.

Xitoyning markaziy Xubey viloyati, Uxan shahridagi shifoxonada COVID-19 koronavirus testini topshirayotgan erkak, 2021-yil, 7-fevral. [Gektor Retamal / AFP]

Xitoyning markaziy Xubey viloyati, Uxan shahridagi shifoxonada COVID-19 koronavirus testini topshirayotgan erkak, 2021-yil, 7-fevral. [Gektor Retamal / AFP]

Rojdestvo arafasida Shanxaydagi savdo majmuasi majmuasi yaqinida bayramga atab oʻrnatilgan installyatsiya oldida niqobsiz selfiga tushayotgan odamlar, 2020-yilning 24-dekabr kuni olingan surat. [STR / AFP]

Rojdestvo arafasida Shanxaydagi savdo majmuasi majmuasi yaqinida bayramga atab oʻrnatilgan installyatsiya oldida niqobsiz selfiga tushayotgan odamlar, 2020-yilning 24-dekabr kuni olingan surat. [STR / AFP]

“Bizga qoʻshimcha maʼlumotlar kerak. Biz qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etishni soʻradik”, dedi JSSTning Uxandagi missiyasiga boshchilik qilgan Piter Ben Embarek AFP nashriga.

“Maʼlum muddat ichida bajarilishi kerak boʻlgan vazifalarga oid realistik umidlar va umidsizlikdan iborat aralash hissiyot mavjud”, dedi u.

Jamoamiz COVID ehtimolidan darak beruvchi dastlabki kasallanishlar, jumladan pnevmoniya, gripp va isitma holatlariga oid qayta ishlanmagan maʼlumotlarga ega boʻlishni istagan edi, dedi Ben Embarek.

Missiya ish boshlaguniga qadar xitoylik olimlar oʻz tizimlarini tekshirib chiqib, oktabr-dekabr oylari oraligʻida 72 mingta shunday holatlarni aniqlaganlar.

Ular COVID ehtimolidan darak beruvchi bu holatlarni aniqlashtirish uchun qator mezonlarni qoʻllab, roʻyxatni oʻrganilishga loyiq boʻlgan 92 ta holatgacha qisqartirganlar.

Ben Embarekka koʻra, guruh qanday mezonlar qoʻllanganini bilishga uringan, ammo bu foyda bermagan.

“Roʻyxatning nima uchun 72 mingdan 92 tagacha qisqartirilganini tushunishga harakat qilyapmiz”, dedi u. Soʻragan maʼlumotlarimiz “kattaroq hajmdagi holatlar bilan ishlashimiz uchun uncha qatʼiy boʻlmagan mezonlarni” qoʻllash imkonini bergan boʻlardi, deb qoʻshimcha qildi u.

Bemorlarning deyarli uchdan bir qismi yo vafot etgan yo tadqiqotda ishtirok etishdan bosh tortgan, Xitoy hukumati esa soʻnggi oylar ichida 67 kishida antitanachalar bor-yoʻqligini aniqlash boʻyicha serologik test oʻtkazgan. Ularning hammasi COVID-19 virusiga manfiy natija koʻrsatgan.

JSSTning ayrim mutaxassislari ehtimoliy kasallanishdan shuncha vaqt oʻtganidan soʻng olingan test sinovlarining ishonchli ekaniga shubha bildirganlar. Ularning aytishicha, bu vaqt ichida antitanachalar aniqlab boʻlmaydigan darajada kamayib ketgan boʻlishi mumkin.

Diplomatik dor

Guruh aʼzolari “diplomatik dor” ustidan yurishga majbur boʻlganlar.

Qoʻshma Shtatlar, Birlashgan Qirollik va boshqa davlatlar JSST guruhining Uxanga borishi kechikkani va missiyaning ilk kasallanish holati qayd etilganiga bir yildan oshgan paytda oʻtkazilayotganini jiddiy tanqid qildilar.

Shanba (13-fevral) kuni AQSHning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Xitoy rejimining COVID-19 boʻyicha tergovi yuzasidan “chuqur xavotir” bildirar ekan, uni “epidemiyaning dastlabki kunlariga oid maʼlumotlarni taqdim etishga” chaqirdi.

JSST inspektorlari missiya bilan bogʻliq kutilmalarni pasaytirishga urinib , dastlabki tekshiruvni “ishning boshlanishi” deb ataganlar.

Ammo bir yillik kutish va ayrimlar tomonidan mustahkam nazorat ostidagi “piar” safari deb koʻrilgan toʻrt haftalik jarayon yanada koʻproq savollarni keltirib chiqardi va Xitoyning butun dunyo bilan ziddiyatlarini yanada kuchaytirdi.

Xitoy hukumati haqiqatni topishga yordamlashish oʻrniga aybni oʻzidan soqit qilish orqali Xitoyning “mardonavor” harakatlari va iqtisodiy tiklanishiga eʼtiborni jalb qildi.

Pekin virus Xitoyga muzlatilgan dengiz mahsulotlari kabi qadoqlangan tovarlar orqali kelib qolgani haqidagi nazariyalarni (buni JSST ham istisno etmagan) yoki Italiya yoki Qoʻshma Shtatlarda kelib chiqqani haqida dalilsiz taxminlarni qayta-qayta ilgari surdi.

Kasallik koʻrshapalaklarda boshlanib, keyinchalik odamlarga boshqa sut emizuvchi orqali yuqqan boʻlishi mumkin, deydi mutaxassislar.

12-fevral kuni Jenevada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Ben Embarek qatori soʻzga chiqqan JSST raisi Tedros Adxanom Gebreyesus “juda ogʻir sharoitlarda gʻoyat muhim ilmiy ish olib borgani” uchun guruhni olqishladi.

“Baʼzi farazlar bekor qilingan yoki qilinmagani haqida ayrim savollar paydo boʻldi”, dedi u. “Barcha farazlar ochiqligicha qolmoqda.”

“Ayrim ishlar missiya qamrovidan tashqarida boʻlishi mumkin”, deb aytgan Tedros. “Bu missiya hamma savollarga javob topa olmasligini doim taʼkidlab kelganmiz, ammo u virus kelib chiqishini bir qadar tushunishimiz uchun muhim maʼlumotlarni taqdim etdi.”

“Hech kimga ishonmang”

Ammo Xitoy hukumati JSSTning Uxanda kasallik tarqagan dastlabki kunlarda aniqlangan 174 ta COVID-19 holatiga oid maʼlumotlarni topshirish talabini rad etish bilan tergovga toʻsqinlik qilmoqda, deb xabar bergan 12-fevral kuni Wall Street Journal nashri.

Xitoy rasmiylari va olimlari kengaytirilgan xulosalar va tahlillarni, shuningdek Uxanda epidemiya aniqlanishidan bir necha oy avvalgi tibbiy qaydlarga asoslangan retrospektiv qidiruvlar boʻyicha maʼlumot va tahlillarni taqdim etganlar.

Ammo JSST guruhiga mustaqil tahlil oʻtkazishga imkon beruvchi qayta ishlanmagan maʼlumotlarni koʻrishga izn berilmagan, deb aytgan guruh aʼzolaridan biri.

“Ular bizga bir nechta namunalarni koʻrsatishdi, ammo standart epidemiologik tadqiqot hisoblangan barcha jarayonlarni oʻzimiz oʻtkazishimizdek emas”, deb aytgan JSST guruhi aʼzosi, avstraliyalik mikrobiolog Dominik Duayyer.

Anonimlashtirilgan, ammo ajratilgan bunday maʼlumotlarni topshirish JSST tergovining bir qismi boʻlgan standart amaliyotdir, deb aytgan guruh aʼzolaridan biri.

Ayrim JSST inspektorlari dalillarning yetishmasligi tufayli kelib chiqqan qizgʻin muhokamalarni tasvirlab bergan.

“Baʼzida hissiyotlar junbushga kelar edi”, deb aytgan 9-fevral kuni JSST guruhi aʼzosi, daniyalik epidemiolog Teya Fisher. “Men olimman va maʼlumotlarga ishonaman. Maʼlumotlarga asoslangan hujjatlashtirilgan dalillarga ishonaman. Kim nima desa ishonib ketavermayman.”

“Virus ilk jiddiy klinik holatlar maʼlum boʻlguniga qadar aholi orasida tarqalgani aniq”, dedi u.

“Butun dunyoda qayd etilgan tasodifiy holatlar tufayli, bu holatning Uxanda boshlangani haqidagi taxminlarga bosim kuchli. Ammo hozircha dunyoning boshqa joylarida men guvoh boʻlgan ilmiy dalil-isbotlarni bir-biri bilan taqqoslab boʻlmaydi, degan fikrdaman”, dedi Fisher.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Anglo-saksonlar Xitoyni ayblash uchun qanday uydirmalarni oʻylab topishmaydi-ya

Javob berish