KIYEV – Rasmiylar va ekspertlarga koʻra, Rossiya Ukraina armiyasi va ikkita yirik davlat bankiga qarshi kiberhujum bilan mamlakatga qarshi gibrid urush taktikasini kuchaytirgan.
Kiberhujum seshanba (15-fevral) kuni soat 15:00 da boshlangan, deb xabar beradi Ukrainaning “Ukrainskaya pravda” internet-nashri.
Hujum tufayli, jumladan, davlatga qarashli “Oshchadbank” va “PrivatBank” jamgʻarma banklari, shuningdek, Mudofaa vazirligi va Qurolli kuchlarning veb-saytlari jabrlangan.
Seshanba kuni ikkala bank ham xizmat koʻrsatish faoliyatini tikladi, ammo dastlabki xabarlar paydo boʻlganidan keyin bir necha soat davomida harbiy soha saytlariga kirib boʻlmagan.
Aftidan, chorshanba kuni kechga borib, vaziyat toʻliq nazorat ostiga olingan.
Veb-saytlar va banklar DDoS-hujumiga uchragan, bunday xakerlar veb-sayt joylashgan serverlarni haddan ortiq yuklanib, oʻchishga majbur boʻlmagunicha soʻrovlar bilan toʻldirib tashlaydi.
Raqamli transformatsiya vaziri Mixaylo Fedorovning soʻzlariga koʻra, seshanba kungi hujum Ukraina tarixidagi hukumat veb-saytlari va bank sektoriga amalga oshirilgan eng yirik DDoS-hujumi boʻlgan.
“Bu misli koʻrilmagan hujum”, dedi u chorshanba kuni Kiyevdagi brifingda “hujumda xorijiy razvedka xizmatlarining izlari borligini” qoʻshimcha qilib.
“Avvaldan tayyorlangani aniq boʻlgan bu hujumning asosiy maqsadi mamlakatimizda beqarorlik keltirib chiqarish, vahima uygʻotish, nima qilib boʻlsa ham, ukrainaliklarning xatti-harakatlarida maʼlum tartibsizlik paydo qilishdir”, dedi u.
Bank mijozlari bankomatlar, onlayn-banking va mobil ilovalaridan foydalanishdagi qiyinchiliklardan shikoyat qilishgan, biroq banklarga koʻra, foydalanuvchilarning hisoblaridagi mablagʻlarga ziyon yetmagan.
Oʻn minglab ukrainaliklar internet orqali toʻlov qila olishmagan yoki oʻz hisoblariga kira olmaganlar, bu esa jiddiy xavotir keltirib chiqargan.
Yirik telekommunikatsiya kompaniyasi xodimi, kiyevlik Roman Detsik “PrivatBank”ning “Privat-24” mobil ilovasi orqali bir qancha toʻlovlarni amalga oshirmoqchi boʻlganida, servis “osilib qolgan”.
“Privat-24” ilovasiga kirish faqat ertasi kuni, 16-fevralda, kunduzi soat 1-2 larda tiklandi”, dedi u bundan ancha noqulay ahvolga tushganini qoʻshimcha qilib.
“Iflos nayranglar”
“Bu DDoS hujumini axboriy-psixologik hujum deb tasniflash mumkin”, deb aytgan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi oʻrinbosari Sergey Demedyuk chorshanba kuni Kiyevda jurnalistlarga.
“Bu vayronkor emas, infratuzilmaga zarar yetkazgan hujum emas, balki faqat aholiga taʼsir oʻtkazish – davlat va moliya institutlari tomonidan taqdim etilayotgan elektron resurslaridan foydalanish imkoniyati yoʻqligini koʻrsatish maqsadida amalga oshirilgan”, dedi u.
Ukraina razvedka boshqarmasining kiberxavfsizlik departamenti rahbari Ilya Vityukning aytishicha, hujumni amalga oshirish uchun “millionlab dollar” sarflangan boʻlishi mumkin.
“Bunday hujumlar odatda davlatlar tomonidan amalga oshiriladi”, dedi u matbuot anjumanida. “Bunday hujumlar uchun infratuzilma zarur.”
“Biz bilaimizki, mamlakatimizga ayniqsa, ehtimoliy harbiy bosqin tufayli ommaviy vahima fonida bu kabi zarbalar berishdan manfaatdor boʻlgan yagona davlat – afsuski, Rossiya Federatsiyasidir”, dedi u Ukraina chegarasi yaqinida 100 mingdan ortiq Rossiya askari toʻplanganiga ishora qilib.
Yaqinda AQSH razvedkasi oshkor qilgan maxfiy maʼlumotlarga koʻra, “Rossiya hukumati xakerlari Ukraina armiyasi, energetika va boshqa muhim kompьyuter tarmoqlariga keng miqyosda kirib olgan”, deb yozadi Washington Post seshanba kuni.
Seshanba kungi hujum Ukraina hukumatining 70 ga yaqin veb-sayti, jumladan Tashqi ishlar vazirligi veb-saytini vaqtincha oʻchirib qoʻygan xakerlik hujumiga oʻxshash boʻlgan.
Vazirlik saytida “Qoʻrqing va eng yomonini kuting” degan xabar chiqib turgan.
Hujumdan bir necha soat oʻtib, Ukraina xavfsizlik xizmati buzilgan saytlarning aksariga kirish tiklangani, koʻrilgan ziyon esa minimal ekanligini maʼlum qildi.
Ukraina rasmiylari bu hujumda ham Rossiyani ayblaganlar.
Ukraina raqamli transformatsiya vazirligining 16-yanvar kungi bayonotiga koʻra, hujumning maqsadi “jamoatchilikni sarosimaga solishgina emas, balki Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirib, davlat sektori ishini toʻxtatish va ukrainaliklarning hokimiyatga nisbatan ishonchiga putur yetkazish” boʻlgan.
Kreml kiberhujumlar ortida Rossiya turganiga hech qanday dalil yoʻqligini taʼkidlamoqda.
Ammo Ukrainaning kiberhujumlarga qarshi kurashuvchi asosiy ilmiy muassasalaridan birining tahlilchisi xakerlarning izi qanday qilib Rossiyaga borib taqalishini tushuntirib bergan.
“Bir tomondan, bu ishlarni xavfsizlik idoralari xodimlari, masalan, Rossiya razvedkasi, tashqi razvedka xizmati va FSB (Federal xavfsizlik xizmati) oʻz vazifasi doirasida bajaradi”, deb aytgan anonim qolishni istagan mutaxassis Karvonsaroy nashriga.
“Boshqa tomondan, shartli ravishda “mustaqil” xakerlik guruhlari yoki hatto Kreml boshqa davlatlarga qarshi yollagan yoki ragʻbatlantirgan axborot xavfsizligi kompaniyalari ham bor.”
Seshanba kungi kabi hujumlar yoqimsiz holat boʻlsa-da, Ukraina iqtisodiyoti, muhim infratuzilmalariga hamda ukrainaliklarning hukumatga va davlat idoralariga boʻlgan ishonchiga bevosita taʼsir qiladi, deydi axborot tizimlari xavfsizligi sohasida ishlovchi ISACA xalqaro tashkilotining Ukrainadagi boʻlinmasi rahbari Aleksey Baranovskiy.
“Avval nimalar roʻy bergani hisobga olinsa, keyin boʻladiganlari kishini dahshatga soladi”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.
Bu hujumlar mohiyatan Kremlning yangi quroli boʻlib, Moskva unga juda katta resurslar sarflaydi, deydi u.
Ukrainaning javob choralari
Rossiya qoʻllovidagi kiberhujumlar Ukrainada avval ham boʻlgan va yana boʻladi, deb ogohlantiradi tahlilchilar.
AQSH razvedkasiga koʻra, soʻnggi oʻn yillikdagi eng radikal kiberhujumlar Rossiyaning Ukrainadagi hujumlariga aloqador boʻlgan va keyinchalik boshqa joylarda takrorlangan.
Masalan, birinchi marta 2014-yilda Ukraina markaziy saylov komissiyasiga qarshi xakerlik hujumida aniqlangan Rossiyaning harbiy josuslik dasturlari 2016-yil Qoʻshma Shtatlarda demokratik partiya milliy qoʻmitasi serverlarida topilgan, deb xabar bergan New York Times nashri.
Oʻtgan yil oktabrda AQSH hukumati olti nafar GRU zobitini Ukraina energetika tizimi, Fransiyadagi saylovlar va 2018-yilda Janubiy Koreyada oʻtgan qishki Olimpiya oʻyinlariga qarshi kiberhujumlarda ayblab chiqqandi. GRU Rossiya harbiy razvedka idorasidir.
2017-yilda olti nafar Rossiya josusi Ukrainada boshlangan va keyinchalik dunyo boʻylab kompyuterlarni zararlab, birgina AQSHning uch kompaniyasiga qariyb 1 milliard dollar ziyon keltirgan “NotPetya” nomli virus hujumlarida ayblangan edi.
Soʻnggi yillarda, jumladan Qoʻshma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi (YI) bilan hamkorligi tufayli Ukraina kiberhujumlarga qarshi kurash salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi , deydi Baranovskiy.
NATO yanvardagi hujumga zudlik bilan javob qaytarib, Kiyev bilan kiberurush sohasida hamkorlik eʼlon qildi. Oʻshanda YI Ukrainaga yordam berish uchun “barcha resurslarini” safarbar qilayotgani haqida xabar bergan.
Oʻtgan yilning oxirlarida Qoʻshma Shtatlar va Britaniya Ukrainaga Rossiyadan turib, Kreml nomidan jinoiy faoliyat olib boruvchi xususiy vositachilar va davlat tuzilmalarining ehtimoliy hujumlaridan himoyalanishga tayyorlaydigan kiberurush boʻyicha mutaxassislarni yuborgan.
AQSH fuqarolik tadqiqotlari va taraqqiyot fondi (CRDF Global) va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) birgalikda “Ukrainada kiberxavfsizlik sohasi samaradorligini oshirish va qoʻllab-quvvatlashga” qaratilgan AQSH moliyaviy koʻmagidagi loyihalarni amalga oshirmoqda, deb taʼkidlagan Baranovskiy.
Oʻtgan hafta, 11-fevral kuni AQSH razvedkasi rasmiylari va milliy xavfsizlik idoralari Rossiyadan kelayotgan kibertahdidlar va keng qamrovli hujumlarga qarshi kurashda Qoʻshma Shtatlarning Ukrainaga koʻrsatadigan yordamini muhokama qilishgan.
Soʻnggi hujum orqali Rossiya Ukrainada tartibsizlik hissini paydo qilishga urinmoqda, deb aytgan Kiyevdagi nodavlat tashkilot Axborot xavfsizligi instituti rahbari Artem Bidenko.
“Rossiya kiberhujumlarining asosiy vazifasi aholi orasida vahima uygʻotish, shuningdek hukumatga boʻlgan ishonchga putur yetkazish”, deb aytgan u Karvonsaroyga.
“Rossiya jiddiy aralashuvga imkon beradigan keng koʻlamli va yanada tajovuzkor vositalarni yaratadi”, deydi Bidenko. “Biz – nafaqat Ukraina, balki butun dunyo eng yomon ssenariyga tayyor turishimiz kerak”.
Nima uchun Davlat Departamentiga koʻra “ukrainaliklarga hujum qilishni kutayotgan” rossiyaliklar Donbasdan odamlarni evakuatsiya qilayotgan bir vaqtda, “tinchlikparvar” ukrainaliklar oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilmayapti? Nima uchun Ukraina bosqinchilar chegara yaqinida yashovchilardan Maydonning eng muhim yutuqlari boʻlgan ksenofobiya va fashizmni olib qoʻyishidan qoʻrqmayapti?
Javob berishFikrlar 6
Rossiyadagi psixoz fonida kuchsiz rubl qadri allaqachon tushib boʻldi.
Javob berishFikrlar 6
Rossiyaning dahshatli bosqini va faqat tinchliksevar banderachilar tufayli bolalar DXRdagi qishloqlarning biridagi bombapanoh larga evakuatsiya qilindi. AQSH Senati fashistlar Ukrainasini qoʻllab-quvvatlovchi rezolyutsiyani maʼqullagani bejiz emas! Ukraina qotillari dushmanlarining bolalari oʻz joyini bilishi kerak!
Javob berishFikrlar 6
DXR va LXR Ukrainaga tegishli.
Javob berishFikrlar 6
Ikkinchi Jahon urushida Rossiya emas, AQSH va uning ittifoqchilari gʻalaba qozondi. Rossiya faqat Gitlerga yordam berdi.
Javob berishFikrlar 6
Chunki Rossiya terrorga homiylik qiluvchi davlatdir.
Javob berishFikrlar 6