Karvonsaroy
Saylovlar

Sizdirilgan hujjatlar Putinning 2016-yildagi AQSH saylovlariga aralashuvi bilan bogʻliq fitnani oshkor qildi

Karvonsaroy

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2016-yil 22-yanvar kuni Kremlda Milliy xavfsizlik kengashi majlisiga raislik qilmoqda. [Kreml]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2016-yil 22-yanvar kuni Kremlda Milliy xavfsizlik kengashi majlisiga raislik qilmoqda. [Kreml]

Yangi dalillarda Kremlning dezinformatsiya tarqatish va demokratik davlatlarga putur yetkazish rejasini, jumladan besh yil avvalgi AQSH saylovlariga aralashuv bilan bogʻliq yashirin idoralararo harakatlarini batafsil yoritilgan.

Rossiya Milliy xavfsizlik kengashining 2016-yil 22-yanvar kungi yopiq majlisida prezident Vladimir Putin razvedka idorasining AQSHda 2016-yilgi prezident saylovlariga aralashuvi bilan bogʻliq maxfiy operatsiyasiga shaxsan ruxsat berdi, deb yozadi Guardian nashri 15-iyul kuni matbuotga sizdirilgan Kreml hujjatlariga tayanib.

Ushbu uchrashuvda Putin, uning razvedka idoralari rahbarlari va boshqa yuqori lavozimli mulozimlar bir qator rejalar, jumladan, “AQSHdagi ijtimoiy-siyosiy tizimni beqarorlashtirish” va Amerika prezidentligini zaiflashtirish masalalari yuzasidan kelishib olganlar, deyiladi hujjatlarda.

The Guardian nashriga koʻra, hujjatlarning sizib chiqqani “Kreml ichidan jiddiy va gʻayrioddiy sizib chiqish” boʻlib, mustaqil tahlilchilar bu hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlaganlar.

Suratda: Amerika jamiyatida tartibsizlik va tafriqa keltirib chiqarish choralari belgilangan Kreml maxfiy hujjatining “maxsus qismi”. [The Guardian]

Suratda: Amerika jamiyatida tartibsizlik va tafriqa keltirib chiqarish choralari belgilangan Kreml maxfiy hujjatining “maxsus qismi”. [The Guardian]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 2019-yil 11-aprel kuni Moskvada katta ofitserlar va prokurorlar ishtirokidagi marosim chogʻida Tashqi razvedka xizmati (TRX) direktori Sergey Narishkin bilan qoʻl siqishmoqda. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 2019-yil 11-aprel kuni Moskvada katta ofitserlar va prokurorlar ishtirokidagi marosim chogʻida Tashqi razvedka xizmati (TRX) direktori Sergey Narishkin bilan qoʻl siqishmoqda. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

“Media-viruslarni” joylash

22-yanvar kungi uchrashuvning rasmiy fotosuratida Putin stol boshida, uning oʻng tomonida esa oʻsha paytdagi bosh vazir Dmitriy Medvedev oʻtirgani aks etgan.

Uchrashuv ishtirokchilari orasida, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, mudofaa vaziri, Rossiya harbiy razvedkasiga (GRU) rahbarlik qiluvchi Sergey Shoygu, tashqi razvedka xizmatining (TRX) oʻsha vaqtdagi boshligʻi Mixail Fradkov, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) rahbari Aleksandr Bortnikov va Xavfsizlik Kengashi kotibi sifatida ishtirok etgan sobiq FSB direktori Nikolay Patrushev bor edi.

Rasmiy hujjatga koʻra, ular iqtisodiyot va Moldova masalasini muhokama qilganlar.

Ammo Kremlning ekspertlar boʻlimi uchun masʼul yuqori lavozimli mulozimi Vladimir Simonenko muallifligidagi bu hisobot fosh boʻlar ekan, uchrashuvning asl maqsadi Simonenko jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan maxfiy takliflarni muhokama qilish boʻlgani aytilmoqda, deya xabar beradi The Guardian.

Ular orasida Rossiya Amerika jamiyati hayotiga “ayniqsa, ayrim guruhlarda ommaviy ongni oʻzgartiradigan” media-viruslarni qanday kiritishi mumkinligi haqidagi takliflar ham bor.

Sizdirilgan boshqa bir hujjatga koʻra, uchrashuvdan soʻng Putinning farmoni bilan hisobotning “maxsus qismida” belgilangan maqsadlarni amalga oshirish yuzasidan yangi idoralararo maxfiy komissiya tuzilgan.

Farmonda Shoygu boshchiligidagi komissiyaning imkon qadar qisqa fursatda AQSHga qarshi amaliy choralar koʻrishi kerakligi aytiladi.

Farmon bilan GRU zimmasiga “obyektning axborot muhitiga taʼsir choralarini ishlab chiqish” vazifasi yuklatilgan. The Guardian nashriga koʻra, mazkur buyruq TRX tomonidan Amerikaning zaif deb topilgan kiber-nishonlariga qaratilgan xakerlik hujumini oʻz ichiga oladi.

TRXga komissiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha maʼlumot toʻplash, FSBga esa kontrrazvedka faoliyati topshirilgan.

Maxsus xizmatlar boshliqlari 1-fevralga qadar muayyan rejalar ishlab chiqish buyrugʻini olganlar.

Xavfsizlik kengashi yigʻilishidan bir necha hafta oʻtgach, aftidan, bu rejalardan biri amalga oshirilgan.

GRU xakerlari 2016-yilgi AQSH saylovlariga putur yetkazish maqsadida AQSH demokratik partiyasi Milliy qoʻmitasi serverlariga hujum qilib, minglab shaxsiy elektron pochta xabarlarini oshkor qilishgan.

Qoʻshma Shtatlardagi notinchlik sharoitida “Putin AQSH-Rossiya ishtirokidagi har qanday ikki tomonlama muzokaralarda yashirin ustunlikka ega boʻlishi, Oq uyning muzokara pozitsiyasini buzishi va Rossiya nomidan dadil tashqi siyosiy tashabbuslarni amalga oshirishga qodir boʻlishi mumkin”, deyiladi The Guardian ixtiyoriga kelib tushgan maxfiy hisobotda.

Hisobotda, shuningdek, sanktsiyalar masalasi ham tilga olingan boʻlib, 2014-yilda Qrimning Rossiya tarafidan anneksiya qilinishi ortidan Qoʻshma Shtatlar tomonidan qoʻllanilgan jazo choralari ichki tanglikni keltirib chiqargani tan olingan.

Aralashuv tarixi

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov The Guardian nashridagi ayblovlarni rad etgan, ammo Kremlning inkori ajablanarli emas.

Rossiya rejimi tartibsizliklar qoʻzgʻash, maʼlumotlar oʻgʻirlash, dezinformatsiya tarqatish va boshqa kiberjinoyatlarni amalga oshirishda xakerlarni qoʻllab-quvvatlagani maʼlum.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida AQSH hukumati Ukraina energetika tizimi, 2017-yilgi Fransiyadagi saylovlar va 2018-yil Janubiy Koreyada oʻtgan qishki Olimpiya oʻyinlariga qarshi kiberhujumlarda olti nafar GRU zobitini ayblab chiqqandi.

Rossiyaning olti josusi, shuningdek 2017-yilda butun dunyodagi kompyuterlarni zararlab, birgina AQSHning uch kompaniyasiga qariyb 1 milliard dollar ziyon keltirgan “NotPetya” virusi hujumlarida ayblangan.

Ular, shuningdek rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va qizining Angliyada asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishini tergov qilayotgan xalqaro idoralarga, shuningdek, (2018-yilda) Gruziya ommaviy axborot vositalari va (2019-yilda) parlamentiga qarshi kiberhujum uyushtirishda gumonlanmoqda.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Rossiya rejimi 2020-yilgi saylovlar oldidan “chalkashliklar va tartibsizlik keltirib chiqarish va Amerika demokratiyasiga putur yetkazish maqsadida roʻyxatdan oʻtgan saylovchilarga yolgʻon maʼlumotlar yetkazishga urinish” harakatlari doirasida AQSHdagi saylovchilarga oid maʼlumotlarni oʻgʻirlashda ayblangan edi.

15-iyul kuni AQSH hukumati Rossiyadan turib ishlashi aytiladigan onlayn tovlamachi dasturlar toʻgʻrisidagi maʼlumot uchun 10 million dollar mukofot eʼlon qildi.

AQSH prezidenti Jo Bayden oʻtgan oy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki uchrashuvda ushbu masalani koʻtarib, agar Moskva kiberjinoyatni jilovlamasa, faol choralar koʻrish bilan tahdid qildi, deyiladi Oq uy bayonotida.

15-aprel kuni Qoʻshma Shtatlar Kremlning AQSHdagi saylovlarga aralashuvi, keng qamrovli kiberhujumlar va boshqa tajovuzkor faoliyatiga qarshi javob chorasi sifatida unga sanktsiyalar joriy qilishi va 10 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborishini eʼlon qilgan.

Shuningdek, Vashington Moskvaning kiber-razvedka faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda ayblangan Rossiyaning oltita texnologik kompaniyasiga, xususan dekabr oyida AQSH hukumati va xususiy sektorning minglab kompyuter tarmoqlariga zarar yetkazgan SolarWinds xakerlik hujumi yuzasidan sanktsiyalar eʼlon qilgan.

Fevral oyida AQSH Federal tergov byurosi (FTB) “Putinning bosh oshpazi” Yevgeniy Prigojinninghibsga olinishiga yordam beruvchi maʼlumot uchun 250 ming dollar mukofot puli vaʼda qilgan. Uning Sankt-Peterburgda joylashgan “trollar fabrikasi” – Internet tadqiqotlari agentligi 2016 va 2020-yillarda AQSHdagi saylovlarga aralashuv ortida turgani aytiladi.

Demokratiyaga moyil harakatlarga putur yetkazish

Fosh boʻlgan maxfiy hujjatlar Kremlning AQSH siyosiy tizimiga qaratilgan dezinformatsiya va beqarorlashtirish kampaniyasi borasida noyob tasavvur bergan boʻlsa-da, Rossiya bunday usullarni oʻziga yaqinroq hududlarda ham qoʻllagan.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida rossiyalik jurnalistlar Kremlning fuqarolar orasida nizo keltirib chiqarib, shimolni janubga qarshi qilib koʻrsatish istagiga mos holda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan norozilik namoyishlarini yoritganlar va oʻz maqsadlariga erishish uchun hatto kameralar oldida voqealarni sahnalashtirganlar.

Bishkekdagi ommaviy norozilik namoyishlari 5-oktyabr kuni rossiyaparast prezident Sooronbay Jeyenbekovga yaqin partiyalar parlament saylovda gʻolib chiqqani va ovozlarni sotib olishda ayblangani ortidan boshlanib ketgan.

Jeyenbekov inqirozga barham berish uchun 15-oktyabr kuni isteʼfoga chiqqan.

Tahlilchilar va tomoshabinlarga koʻra, Rossiya telekanallarining norozilik namoyishlariga oid provokatsion lavhalari fuqarolar orasida tartibsizlik keltirib chiqarish va Bishkekning Moskvaga qaramligini kuchaytirishga qaratilgan edi.

Dezinformatsiya Putin Rossiyasining sobiq mustamlakachi taʼsiridan qutulmoqchi boʻlayotgan postsovet davlatlarga qarshi yangi “gibrid” harbiy doktrinasining bir qismidir”, degan edi Bishkeklik siyosatshunos Askat Dukenbayev.

“Rossiya ommaviy axborot vositalarining turgan-bitgani yolgʻon”, deb yozgan minsklik Yelena Orlova oʻzining Facebook sahifasida. “Ular Belarus haqida ham xuddi shunday yolgʻon xabarlar tarqatadilar. Biz bunga koʻnikib qolganmiz, ahamiyat ham bermaymiz.”

Belarusda oʻtgan yil 9-avgustdagi bahsli saylovlarda oltinchi muddatga saylangan avtoritar prezident va Putinning ittifoqchisi Aleksandr Lukashenkoning isteʼfosini talab qilgan namoyishchilarga nisbatan ham Kreml shu usulni qoʻllagan.

“Rossiyalik OAV arboblari odamlarning yolgʻonga va hokimiyatni noqonuniy tortib olishga nisbatan noroziligidan Kremlning qanchalik qoʻrqishini koʻrsatib qoʻyishdi”, deb yozgan edi oʻshanda Rossiyaning Novgorod shahrida yashovchi Kseniya Sergeyeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya jinoyat ustida qoʻlga tushdi.

Javob berish