Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tayvan Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan ruhlangan Xitoy tajovuzidan norozi

Karvonsaroy va AFP

8-may kuni Taypeydagi mitingda plakatlar va Ukraina bayrogʻini ushlab turgan Tayvandagi slavyanlar va boshqa fuqarolar. [Sem Ye/AFP]

8-may kuni Taypeydagi mitingda plakatlar va Ukraina bayrogʻini ushlab turgan Tayvandagi slavyanlar va boshqa fuqarolar. [Sem Ye/AFP]

TAYPEY, Tayvan – Rossiyaning Ukrainaga asossiz bosqini ortidan Xitoyning Tayvanga nisbatan tajovuzining kuchayishi Taypeyni Pekin bilan harbiy mojaro ehtimoliga jiddiy tayyorgarlik koʻrishga undamoqda.

Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan edi.

Seshanba (14-iyun) kuni Taypey Xitoyni Tayvan boʻgʻozi xalqaro suvlar hududiga kirmaydi degan bayonoti uchun qoralab, Pekinni unga nisbatan hududiy daʼvosi bilan mintaqa tinchligini xavf ostiga qoʻyishga urinayotganlikda aybladi.

Tayvan va materik Xitoyni ajratib turuvchi tor suv yoʻli qaynoq nuqta boʻlib, Pekin koʻpincha xorijiy harbiy kemalarning bu yerdan oʻtishiga gʻazabnok munosabatda boʻladi.

Mart oyidagi mashgʻulotlarda ishtirok etgan Xitoy qiruvchi samolyotlari. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Mart oyidagi mashgʻulotlarda ishtirok etgan Xitoy qiruvchi samolyotlari. [Xitoy mudofaa vazirligi]

26-fevral kuni Chilining Santyago shahridagi Rossiya elchixonasi oldida Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun norozilik namoyishida ishtirok etayotgan Ukraina fuqarolari. [Martin Bernetti/AFP]

26-fevral kuni Chilining Santyago shahridagi Rossiya elchixonasi oldida Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun norozilik namoyishida ishtirok etayotgan Ukraina fuqarolari. [Martin Bernetti/AFP]

Qoʻshma Shtatlar va boshqa davlatlar boʻgʻozni hamma uchun ochiq boʻlgan xalqaro suv hududi deb biladi.

Ammo dushanba kuni Xitoy tashqi ishlar vakili Van Venbin “Xitoy Tayvan ustidan suverenitet, suveren huquqlar va yurisdiktsiyaga ega”, deb aytgan.

“Ayrim mamlakatlar Tayvanga oid masalalarni manipulyatsiya qilish va Xitoy suvereniteti va xavsizligiga tahdid qilishga sabab topish uchun Tayvan boʻgʻozini “xalqaro suvlar hududi” deb atashi soxta daʼvodir”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Seshanba kuni Taypey Pekinning daʼvolarini “notoʻgʻri” va “nomaqbul” degan tanqid bilan javob qaytargan.

“Xitoy... . Tayvan suverenitetiga ochiqdan-ochiq rahna solmoqda hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni xavf ostida qoldirib, xalqaro dengiz tartibiga putur yetkazmoqda”, deyiladi Demokratik progressiv partiya bayonotida.

Tashqi ishlar vazirligi Pekinni “Tayvan boʻgʻozini oʻzining eksklyuziv iqtisodiy hududi deya kamsitib, xalqaro qonunlarni atayin buzmoqda” deb qoraladi.

“Xitoyning Tayvanni anneksiya qilish niyati aniq”, deyiladi bayonotda.

1949-yildan beri oʻz hukumatiga ega Tayvan Xitoyning doimiy bosqinchilik tahdidi ostida yashaydi. Pekin orolni oʻz hududi deb biladi va uni bir kun kerak boʻlsa kuch bilan tortib olishga vaʼda bergan.

Mustaqillik xavf ostida

Singapurda Xitoy mudofaa vaziri Vey Fenxe va AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin oʻrtasida ilk marta oʻtkazilgan qizgʻin muzokaralar ortidan ayblovlar yangradi.

“Kimdir Tayvanni Xitoydan ajratib olishga urinsa, Xitoy armiyasi qanchalar qimmatga tushmasin, ikkilanmasdan urush boshlaydi”, deb aytgan Xitoy mudofaa vaziri vakili U Tsyan Veyning Ostin bilan uchrashuvi vaqtidagi soʻzlaridan iqtibos keltirib.

Vazirlik xabariga koʻra, Vey shuningdek “Tayvan mustaqilligi borasidagi har qanday fitna parchalab tashlanishi va vatanni birlashtirish gʻoyasi qatʼiy qoʻllab-quvvatlanishini” aytgan.

Vazirlikka koʻra, u “Tayvan Xitoyga tegishli ekanini, Xitoyni tiyib turish uchun Tayvandan foydalanish hech qachon foyda bermasligini taʼkidlagan”.

AQSH mudofaa vazirligiga koʻra, Ostin Veyga Pekin “Tayvanga nisbatan beqarorlashtirish harakatlaridan tiyilishi” kerakligini aytgan.

Bunday keskin bayonotlardan keyin AQSHning milliy xavfsizlik masalasi boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan va Xitoyning yuqori martabali diplomati Yang Tszechi dushanba kuni Lyuksemburgda davomli va ikki tomonga koʻra “samimiy” muzokara oʻtkazgan.

Muloqot oʻtgan haftadagiga nisbatan bosiq ruhda oʻtgan, ammo tomonlar asosiy kelishmovchilik, ayniqsa Tayvan masalasi boʻyicha hech qanday murosaga kelmagan.

Xitoy va Rossiya oʻqi

Xitoy prezidenti Si Tszinpin anchadan beri Xitoyni “yoshartirish” doirasida Tayvanga daʼvogarlik qilib kelgan, xuddi shu tarzda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Ukrainadagi “harbiy operatsiya” “vatanni” birlashtirish maqsadiga qaratilganini daʼvo qiladi.

Moskva Ukrainaga hujum boshlashidan bir necha hafta avval Si va Putin oʻz chegaralarida Gʻarbga xos demokratiyaga ega davlatlarning umumiy tahdididan xavotirlanib, global siyosiy va harbiy tartibning “yangi asrida” bir safda boʻlishga vaʼda berganlar.

Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik chegara bilmaydi”, degan edi ular 4-fevral kuni uchrashuvdan keyin eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda. “Hamkorlikda taqiqlangan sohalar yoʻq.”

Putin va Si “dunyoni, xususan sobiq sotsialistik mamlakatlarni avtoritarizm uchun hozirlashga qatʼiy sodiq ekanliklarini koʻrsatdilar”, deb aytgan Londondagi SOAS universiteti siyosatshunosi Stiv Tsang uchrashuv haqida.

Si Tszinpin Ukraina borasidagi pozitsiyasini ochiqlash bilan “Putin bilan birga AQSH hukmronlik qiladigan dunyo tartibiga qarshi chiqishdan manfaatdor ekanligini koʻrsatmoqchi”, deb aytgan Tsang AFP bilan suhbatda.

Oʻz navbatida Rossiya Pekinning Tayvan borasidagi “har qanday mustaqillikka” qarshi boʻlgan “Yagona Xitoy” siyosatini yoqlashini tasdiqlab, soʻnggi ikki yil ichida Gonkongdagi demokratik harakatlarning shafqatsiz bostirilganini qoʻllab-quvvatlagan.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqinidan bir kun avval – 23-fevral kuni Xitoy hukumati Tayvan Xitoyning bir qismi ekanligini vahimali tarzda yana bir bor taʼkidlagan edi.

“Tayvan doim Xitoy hududining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bu rad etib boʻlmaydigan tarixiy va huquqiy fakt”, dedi XXR TIV matbuot kotibi Xua Chunin matbuot anjumanida.

Tayvan prezidenti Tsay In-Ven “tashqi kuchlar” “Ukrainadagi vaziyatdan foydalanib, Tayvan jamoatchiligining ruhiyatiga taʼsir oʻtkazishga” urinayotganini aytdi va hukumatni “kognitiv urushga qarshi hushyorroq boʻlishga” chaqirdi.

Ukraina saboqlari

Ukrainada davom etayotgan urush qudratliroq bosqinchi kuchlarga qarshi turish uchun zarur boʻlgan taktika va qurollar borasida koʻpchilik tayvanliklarga yoqimsiz saboq boʻldi.

Tayvan qiruvchi samolyotlar va suv osti kemalari uchun milliardlab dollar mablagʻ sarflamoqda, professional armiya barpo etishga urinayotgan harbiylar esa yuqori malakali askarlarni toʻplash, tayyorlash va ushlab turishga qiynalmoqda.

Ammo bu holat oʻzgarishi mumkin.

Taypeylik kompyuter muhandisi, zahiradagi 31 yashar harbiy xizmatchi Vu Chiuan-Syunning aytishicha, mart oyidagi mashgʻulotlar soʻnggi yillarda unga oʻxshagan askarlar ishtirokida oʻtkazilgan mashgʻulotlarga nisbatan davomliroq va qiyinroq kechgan.

Uning qoʻmondonlari deyarli har kuni Xitoy tahdidi kuchayib borayotganini askarlarga eslatib turishgan, deydi u.

“Eng avvalo oʻzingni himoya qilish uchun qatʼiyatga ega ekaningni koʻrsatishing kerak, shunda boshqalar ham yordamga kelishadi – Ukraina bizga shuni oʻrgatdi”, deydi u New York Times bilan suhbatda.

Xitoy deyarli har kuni Tayvanga qiruvchi samolyotlar yubormoqda, oʻtgan oyning oʻzida hududda bir kunda 30 ta samolyot qayd etilgan.

Oʻtgan yili Xitoy samolyotlari Tayvanning havo mudofaa hududini rekord darajada – 969 marta buzib kirgan, deb maʼlum qilgan rasmiylar yanvar oyida.

24-may kuni Xitoy va Rossiya Kremlning Ukrainaga bosqinidan keyin ilk qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazib, shimoli-sharqiy Osiyodagi dengizlar uzra bombardimonchi samolyotlarni uchirdi.

Mashgʻulotlar Xitoyning tobora kuchayib borayotgan jangovar tahdidini muhokama qilgan Quad toʻrtligi – Qoʻshma Shtatlar, Hindiston, Avstraliya va Yaponiya uchrashuvi vaqtida oʻtkazilgan.

Provokatsion jangovar harakatlar va harbiy mashgʻulotlar Tayvan rasmiylari va xalqaro kuzatuvchilarni xavotirga solmoqda.

The New York Times gazetasiga intervyu bergan Tayvanning sobiq mudofaa vaziri Maykl Tsay: “Biz kuta olmaymiz; biz vaqt bilan musobaqalashyapmiz”, deb aytgan.

“Rossiyaning Ukrainaga bosqini bir lahzada yuz berdi – XXOA Tayvanga qachon bostirib kirishini hech kim bilmaydi”, dedi u Xitoy xalq ozodlik armiyasini nazarda tutib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Achinarlisi shundaki, Tayvan Ukraina kabi qoʻllab-quvvatlanmaydi va Xitoy, ehtimol, Rossiyaning orklar armiyasidan koʻra yaxshiroq qurollangan. Bu qon toʻkilishiga olib kelish ehtimoli bor va Tayvan undan mustaqil va talafotlarsiz chiqa olmaydi. Agar xalqaro mutaxassislar va tashkilotlar aralashmasa, bularning barchasi yangi bosib olingan hudud va mustaqillikni yoʻqotish bilan yakunlanishi mumkin.

Javob berish

Pekinning “yagona Xitoy” siyosati “buyuk Rossiya” siyosatini eslatmoqda, bu yerda faqat buyuk degan soʻz bor, xolos. Ular bitta “Chinrasha”ga birlashsin va dunyoning qolgan qismini tinch qoʻyib, oʻsha doʻzaxli hudud ichida jang qilsin. Yana bitta Shimoliy Koreyaga qamalib olib, oʻsha yerda qolishsin.

Javob berish

“Provokatsion jangovar harakatlar va harbiy mashgʻulotlar Tayvan rasmiylari va xalqaro kuzatuvchilarni xavotirga solmoqda..” Hamma eski sxemalar bilan ishlayapti, boshqachasiga mumkin emasmi? Yana provokatsion mashgʻulotlar, keyin nima, yana bir qaynoq nuqtami? Ular qachon tinchlanadi oʻzi?

Javob berish

Xitoy sanksiyalarning hajmini koʻrib, bunga jurʼat qilolmasligi mumkin. Ular yillar davomida oʻzlarini butun dunyodan maksimal darajada uzoqlashtirishga va siyosiy-ijtimoiy faoliyatini oʻz mamlakatlari bilan cheklashga harakat qilishdi. Shunga qaramay, mamlakat ichki bozori yoki qolgan hamkor-mamlakatlar uchun mahalliy ishlab chiqarish darajasini bir xil surʼatda ushlab turib boʻlmaydi. Shu sababli, Tayvan kelajakda oqibatlar nuqtai nazaridan ularga qimmatga tushishi mumkin.

Javob berish