KOBUL – Tolibon va Xitoy oʻzaro hisob-kitobli ittifoq tuzdi: ularning ikkovi ham bir-birining shu kungacha nomaqbul sanalgan xatti-harakatlariga koʻz yumish evaziga strategik ustunlikka erishishni koʻzlamoqda.
Afgʻonistondagi urushga chek qoʻyadigan siyosiy yechim topishda guruhning samimiyligiga xalqaro hamjamiyat ishonchi soʻnib borar ekan, Tolibon potensial ittifoqchilarning etagidan tutishga urinmoqda.
Tarixda toliblar qurol va moliyaviy yordam uchun Eron, Pokiston va Rossiyaga murojaat qilishgan.
Endi esa Xitoyning Shinjon viloyati chegarasida Tolibon jangarilari paydo boʻlar ekan, guruh ulkan qoʻshnisining xayrixohligiga erishish uchun qoʻlidan kelganini qilmoqda, Pekin esa oʻziga xos kafolat sifatida Tolibon rahbarlarini tinchlantirishga umid qilmoqda.
Qattiqqoʻl siyosatli harakat asoschilaridan biri Mulla Abdulgʻani Barodar boshchiligidagi Tolibonning oliy darajali delegatsiyasi iyul oyi oxirida Pekin rasmiylari bilan uchrashgan.
Xitoy kompartiyasi (XKP) rahbarlari bilan uchrashgan Tolibon goʻyo Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqlariga koʻz yumishga tayyor ekanligini namoyish etgan – huquqbon tashkilotlar va Gʻarb hukumatlari Xitoyning bu xatti-harakatlarini genotsidga tenglashtirganlar.
Ateistik ruhdagi XKP esa Tolibonning ekstremistik mafkurasi va Afgʻoniston hukumatini agʻdarishga qaratilgan zoʻravonliklariga koʻz yummoqda.
Xabarlarga koʻra, Xitoy rasmiylari isyonchi guruhni Afgʻonistondagi “muhim harbiy va siyosiy kuch” deb maqtab, undan barcha terrorchi guruhlar bilan “aloqani butunlay uzishni” soʻraganlar.
Pekin Shinjon mintaqasidagi uygʻur ayirmachilarining Afgʻonistonni platsdarm sifatida qoʻllashi mumkinligidan qoʻrqadi. Xitoyni toliblarning Sharqiy Turkiston islom harakati (SHTIH) va uning merosxoʻri – Turkiston islom partiyasi (TIP) bilan aloqalari ayniqsa xavotirga solmoqda.
Pekin SHTIH va TIP mavjudligini roʻkach qilib, oʻzining Shinjondagi repressiyalarini oqlashga uringan, ammo mintaqada 2017-yildan beri aytarli hech qanday terrorchilik hodisalari qayd etilmagan.
“Islom amirligi Xitoyni afgʻon zaminining hech bir mamlakatga hujum qilish uchun ishlatilmasligiga ishontirdi”, deb aytgan Tolibon matbuot kotibi Muhammad Naim.
“Ular [Xitoy] Afgʻonistonning ishlariga aralashmaslik, aksincha muammolarni hal qilish va tinchlik oʻrnatishga koʻmaklashish vaʼdasini berdilar”.
Xabarlarga koʻra, Barodar Pekinni “ishonchli doʻst” deb atagan.
“Maqsadga erishish vositasi”
Xitoy uchun Kobuldagi barqaror va hamkorlikka moyil maʼmuriyat Afgʻonistonda uning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusini kengaytirishga yordam berishi mumkin.
“Tolibon Pekin uchun maqsadga erishish vositasi”, deydi Rid Stendish 21-iyul kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi uchun yozgan maqolasida. “Shu bilan bir vaqtda Tolibon Xitoyni xalqaro legitimlikka olib boruvchi yoʻl va urush tufayli vayron boʻlgan Afgʻoniston uchun ishonchli sarmoya oqimi deb biladi”.
“Tolibon Xitoyga niyati ezgu ekanligini koʻrsatmoqchi”, dedi Pekindagi Sinxua universitetining Milliy strategiya instituti tadqiqotlar boʻyicha direktori Tsyan Fen The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida.
“Ular, ayniqsa Amerika oʻz qoʻshinlarini olib chiqqanidan keyin, Xitoy mamlakat hayotida muhim rol oʻynashiga umid qilmoqdalar.”
“Pekin xitoyliklarni oʻz tarafiga jalb qilgan holda ular [Tolibon] uchun BMT Xavfsizlik Kengashida diplomatik himoyani taʼminlashi mumkin”, deydi afgʻoniston boʻyicha avstraliyalik olim Nishank Motvani AFP bilan suhbatda.
“Taʼkidlash kerakki, boshqa davlatlar Tolibon uchun oʻz eshiklarini ochib, u bilan aloqa oʻrnatar ekan, bu Afgʻoniston hukumatining legitimligiga putur yetkazib, Tolibonni deyarli boʻlajak hukumat sifatida namoyon qilmoqda.”
Tolibon bilan shartnoma imzolash orqali Pekin Shinjondagi uygʻurlar masalasida ham betaraflikni saqlab qolishga umid qilyapti. Pekin soʻnggi yillarda “milliy xavfsizlik” bahonasida bu mintaqadagi aksar musulmon aholini boʻysundirish va nazorat qilishga qaratilgan qatʼiy siyosat yuritib kelmoqda.
Xitoy rasmiylari tomonidan Shinjonda sodir etilgan ayrim jinoyatlar butun dunyo musulmonlarining keskin eʼtiroziga sabab boʻlgan – mintaqada 1000 dan ortiq imom va diniy arboblarning oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, qariyb 16000 masjidning buzilgani va muslima ayollarning muntazam zoʻrlanishi shular jumlasidandir.
Oʻzini islom himoyachisi qilib koʻrsatadigan toliblar oʻz maqsadi yoʻlida musulmonlarning oʻldirilishi va qulga aylantirilishiga koʻz yumadigan koʻrinadi, deydi kuzatuvchilar.
Tolibon matbuot kotibi Suhayl Shahin AFPga bergan intervyusida isyonchilar “dunyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatda boʻlish” istagida ekanligini aytgan.
“Biror-bir mamlakat konlarimizni tadqiq qilishni istasa, bundan mamnun boʻlamiz”, dedi u. “Biz investitsiyalar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratamiz.”
“Xitoydagi musulmonlar bilan bogʻliq qandaydir muammo yuzaga kelsa, biz albatta Xitoy hukumati bilan gaplashamiz”, deb aytgan u The Wall Street Journal bilan suhbatda.
“Terrorchi disneylend”
Tolibon Xitoyni ham bevosita, ham isyonchilarning mintaqadagi asosiy homiylaridan biri va Pekinning yaqin ittifoqchisi – Pokiston orqali investitsiya va iqtisodiy koʻmak manbai deb biladi.
Pekin 2019-yilda ham Tolibon delegatsiyasini qabul qilgan edi, shu yil boshida esa Xitoy Afgʻoniston ichidagi tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilish taklifini bildirdi.
Bryussel ozodlik universiteti siyosatshunosi Terri Kellnerning soʻzlariga koʻra, isyonchilar bilan Pokiston vositachiligidagi sahna orti aloqalarining tarixi uzoqqa borib taqaladi va bu “Xitoyning Afgʻonistondagi loyihalarini yirik terrorchilik hujumi nishoniga aylanishdan saqlab qolgan”.
Kobul yaqinidagi ulkan “Aynak” mis koni shunday loyihalar sirasiga kiradi. 2007-yilda Xitoy kompaniyasi ushbu loyiha bilan bogʻliq potensial manfaatli shartnomani qoʻlga kiritgan, ammo jarayon mojarolar tufayli anchadan beri toʻxtab qolgan edi.
Ammo Tolibonning yaxshi qoʻshni boʻlishi qiyinga oʻxshaydi, dedi Singapurdagi Nanyan texnologiya universitetining terrorizm boʻyicha xalqaro tahlilchisi Roxan Gunaratna.
Ular yana uygʻur jangarilarini qoʻllab-quvvatlay boshlashi ehtimoldan yiroq emas, ayniqsa, hozir bu jangarilarning koʻpchiligi Suriyadan Afgʻonistonga qaytishga intilayotgan bir paytda, dedi u.
“Tolibon ularning asosiy xoʻjayini edi. Ular juda yaqin munosabatlarda edilar”, deydi Gunaratna The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida.
“AQSH qoʻshinlari olib chiqilishi bilan Tolibon avvalgi holatiga qaytadi, chunki uning mafkurasi deyarli oʻzgarmagan”, deydi u.
Afgʻoniston “barcha xorijiy terror guruhlari hozir boʻlgan terroristik Disneylendga aylanishi mumkin”.
Prezident Ashraf Gʻani xalqaro hamjamiyatni “Tolibon va tarafdorlarining siyosiy qaror qabul qilishga tayyorligi haqidagi daʼvolarini qayta koʻrib chiqishga” chaqirgan.
“Biz miqyosi, koʻlami va vaqti nuqtayi nazaridan oxirgi 30 yil ichidagi misli koʻrilmagan bosqinga duch kelmoqdamiz”, dedi u 28-iyul kuni Kobuldagi chiqishida.
“Bu 20-asr toliblari emas, balki transmilliy terrorchilik tarmoqlari va transmilliy jinoiy guruhlar oʻrtasidagi aloqaning namoyon boʻlishidir”.
xitoyga oʻlim
Javob berishFikrlar 1