Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ukraina va uning ittifoqchilari Rossiyaning kimyoviy qurolni ishga solishga zamin hozirlayotgani haqida ogohlantirmoqda

Karvonsaroy va AFP

5-mart kuni shiddatli otishmalar va bomba hujumlari chogʻida Kiyev shimoli-gʻarbidagi Irpen shahri tomon yoʻnalgan Ukraina harbiy xizmatchilari vayron boʻlgan koʻprikdan oʻtmoqda. [Aris Messinis/AFP]

5-mart kuni shiddatli otishmalar va bomba hujumlari chogʻida Kiyev shimoli-gʻarbidagi Irpen shahri tomon yoʻnalgan Ukraina harbiy xizmatchilari vayron boʻlgan koʻprikdan oʻtmoqda. [Aris Messinis/AFP]

VASHINGTON – Moskva Ukrainadagi ayovsiz urushida ilgarilab borar ekan, Rossiya oʻzining qatʼiyatsiz hujumini kuchaytirish uchun avvalgi mojarolarda boʻlgani kabi taqiqlangan kimyoviy qurollarni ishga solishi mumkinligi borasida xavotirlar kuchaymoqda.

Rossiya oʻz qoʻshnisi hududiga 24-fevral kuni bostirib kirgan edi.

Razvedka maʼlumotlariga koʻra, Rossiya Ukrainaga qarshi kimyoviy qurol qoʻllashga hozirlanayotgan boʻlishi mumkin, deb maʼlum qilgan juma (11-mart) kuni AQSH va Yevropa rasmiylari.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan The Washington Post bilan suhbatlashgan xavfsizlik mutasaddilari va diplomatlar Rossiya Ukraina yoki Gʻarb hukumatlarini aybdor qilishga urinib, “soxta bayroq” hujumini amalga oshirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ukraina-Polsha chegarasini kesib oʻtgan bolalar avtobusga oʻtirmoqda, 14-mart. Rossiya Ukrainaga qarshi urushida kimyoviy qurol qoʻllashi borasidagi xavotirlar kuchaygan. [Luiza Guliamaki/AFP]

Ukraina-Polsha chegarasini kesib oʻtgan bolalar avtobusga oʻtirmoqda, 14-mart. Rossiya Ukrainaga qarshi urushida kimyoviy qurol qoʻllashi borasidagi xavotirlar kuchaygan. [Luiza Guliamaki/AFP]

2018-yilning 22-yanvar kuni Damashq yaqinida muxolif kuchlar nazoratidagi Duma shahrida rejim tarafidan sodir etilgani aytilgan gaz hujumidan soʻng, vaqtinchalik gospitalda goʻdakning yuziga kislorod niqobini tutib turgan suriyalik bolakay. (Hasan Muhammad/AFP)

2018-yilning 22-yanvar kuni Damashq yaqinida muxolif kuchlar nazoratidagi Duma shahrida rejim tarafidan sodir etilgani aytilgan gaz hujumidan soʻng, vaqtinchalik gospitalda goʻdakning yuziga kislorod niqobini tutib turgan suriyalik bolakay. (Hasan Muhammad/AFP)

Avvalroq Oq uy Kreml urushning yangi bosqichiga hozirlanayotganidan darak beruvchi Rossiyaning yangi tashviqot kampaniyasi yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki 9-mart kuni bir qator tvitlarida Rossiya “Ukrainada kimyoviy yoki biologik qurol qoʻllashga tayyorlanayotgan boʻlishi mumkinligini” aytdi.

Moskvaning Ukrainadagi surʼati Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutganidek jadal emasligi sababli, Rossiya rasmiylari AQSHning Ukrainadagi yashirin biologik qurol laboratoriyalari borasida ayblovlarni kuchaytirganlar.

Gʻarb rasmiylarining taʼkidlashicha, bu taktika Rossiyaning “ssenariysiga” toʻla mos keladi.

“Bularning bari Rossiyaning Ukrainaga nisbatan avvaldan oʻylangan, asossiz va sababsiz hujumini oqlashga urinish yoʻlidagi ochiq hiyladir”, dedi Psaki.

“Endi, Rossiya bu yolgʻon bayonotlarni bergan va Xitoy bu tashviqotni qoʻllab-quvvatlagan bir paytda, biz Rossiya Ukrainada kimyoviy yoki biologik qurol qoʻllashi yoki ulardan foydalangan holda soxta bayroq operatsiyalarini oʻtkazishidan ehtiyot boʻlishimiz kerak”, dedi u. “Bu aniq qonuniyat.”

Bu ogohlantirishlar Ukraina rasmiylari Rossiya sharqiy Donbass mintaqasida fosforli kimyoviy bombalarni qoʻllagani haqida xabar berganidan soʻng yangragan, deb yozadi AFP yakshanba kuni.

Xalqaro qonunchilik aholi zich yashaydigan joylarda oq fosforli snaryadlardan foydalanishni taqiqlasa-da, ochiq joylarda ularni qoʻshinlar uchun himoya sifatida ishlatishga ruxsat beradi.

Luganskdan 100 km gʻarbda joylashgan Popasnaya shahri politsiyasi boshligʻi Aleksey Biloshitskiy shanba kuni kechki payt Rossiya kuchlari bu hududda kimyoviy qurolni ishga solgani haqida xabar bergan.

“Bu natsistlar “yonuvchi piyoz” deb ataydigan va rashistlar [“Rossiya” va “fashistlar” birlashmasidan hosil boʻlgan soʻz] shaharlarimizga tashlayotgan qurollardir. Taʼriflab boʻlmaydigan aziyatlar va yongʻinlar”, deb yozdi u Facebook sahifasida.

Bu izohlarni qisqa muddat ichida tasdiqlash imkoni boʻlmagan.

Toʻgʻridan-toʻgʻri Moskvaning ssenariysidan

Juma kuni Moskva Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashining 15 aʼzosi ishtirokida majlis chaqirib, Vashington Ukrainadagi biologik qurollar boʻyicha tadqiqotlarni moliyalashtirgani haqidagi ilgari aytilgan asossiz daʼvolarini takrorlagan.

Ukraina, AQSH va BMT rasmiylari Ukrainada AQSH qoʻllovidagi bioqurol dasturi mavjudligini rad etganlar.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy juma kuni Telegramdagi rasmiy kanalida eʼlon qilgan videomurojaatida “Biz goʻyoki kimyoviy hujumga tayyorlanayotgan ekanmiz”, deb aytdi.

“Bu meni juda xavotirga solmoqda, chunki biz qayta-qayta amin boʻlganmiz: Rossiyaning rejalarini bilmoqchi boʻlsangiz, u boshqalarni nimada ayblayotganiga qarang”, dedi u.

AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ham Xavfsizlik kengashi majlisida xuddi shunday xavotirlarni izhor etgan.

“Rossiyada boshqa davlatlarni oʻzi sodir etayotgan qonunbuzarliklarda yolgʻondan ayblash odati bor”, dedi u.

Boshqa diplomatlar Rossiyaning bu iddaolarini “yovvoyi” fitna va “mutlaqo bemaʼnilik” deya rad etganlar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qurolsizlanish masalalari boʻyicha bosh kotibi oʻrinbosari Izumi Nakamitsu BMTda “Ukrainada biologik qurollar dasturi boʻlgani” haqida hech qanday maʼlumot yoʻqligini aytdi.

Buyuk Britaniyaning BMTdagi elchisi Barbara Vudvordning aytishicha, Rossiya Xavfsizlik kengashidan “bir qator yovvoyi, mutlaqo asossiz va masʼuliyatsiz fitna nazariyalarini” ilgari surish uchun foydalangan.

“Diplomatik yoʻl bilan aytadigan boʻlsam, bu mutlaqo bemaʼnilik. Ukrainada biologik qurol dasturi borligini tasdiqlovchi zarracha ishonchli dalil yoʻq”, dedi u.

Payshanba kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol joylashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

“Darvoqe, sizga bir narsani oldindan aytishim mumkin, yaʼni siz kimyoviy qurol haqida eshitgan narsalar shundoqqina uning stsenariysidan olingan”, dedi Jonson Sky News telekanali xodimi Bet Rigbiga.

“Ular raqiblari yoki amerikaliklar saqlagan kimyoviy qurollar haqida gapira boshladilar. Shuning uchun, ular oʻzlari kimyoviy qurollar hozirlayotganida, qoʻrqamanki, ular bunga qodir... maskirovka, ishlatishga tayyor soxta hikoya bor.”

“Oʻyin qoidalarini oʻzgartirish”

Ukrainadagi potensial kimyoviy hujumdan xavotiri kuchaygan NATOning yuqori martabali rasmiysiga koʻra, bu xavotirlar yangi “razvedka maʼlumotlari”, shuningdek, Rossiyaning avvalgi taktikasi bilan bogʻliq.

Bu taktika “shiddatli bomba hujumlari, shaharlarni vayron qilish, soʻng kimyoviy qurol yordamida jangarilar joylashgan yertoʻlalarini tozalash, soʻng inkor etish va “soxta bayroqlar oʻrnatish”ni oʻz ichiga oladi, dedi rasmiy.

Ukrainada zaharli gazlarni qoʻllash bilan bogʻliq har qanday holat bunday qurollarni taqiqlovchi uzoq yillik xalqaro shartnomani buzadi.

Yakshanba kuni Polsha prezidenti Anjey Dudaning aytishicha, Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishda kimyoviy qurol qoʻllashi “oʻyin qoidalarini oʻzgartiradi” va mojaroning NATO tarafidan qayta koʻrib chiqilishini talab qiladi.

Bunday vaziyatda NATO keyingi harakatlarini jiddiy oʻylab koʻrishi kerak, dedi u.

“Chunki bunday holatda bu nafaqat Yevropaga, nafaqat Yevropadagi hududimizga... balki butun dunyoga xavf sola boshlaydi”, deb qoʻshimcha qildi u polyak tilida inglizcha tarjima bilan gapirarkan.

Dudaning taʼkidlashicha, Putin har qanday vositani ishga solishi mumkin, ayniqsa, bu urushda “siyosiy jihatdan” magʻlub boʻlgan, harbiy nuqtai nazardan endi gʻalaba qozonishga qodir boʻlmay qolsa.

Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol ishlatsa, bu unga juda qimmatga tushadi, dedi AQSH prezidenti Jo Bayden Moskvani “uchinchi jahon urushiga” tortmaslikka vaʼda bergan holda.

Oʻtmishdagi holatlar

Moskva doimiy ravishda kimyoviy quroldan foydalanish holatlari tergoviga toʻsqinlik qilishga urinib, aybni oʻzidan soqit qilishga va dezinformatsiya tarqatishga urinib kelgan.

Kremlda rejim muxoliflariga qarshi asabni falajlovchi noqonuniy moddalar qoʻllash tajribasi bor – 2020-yilda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyga “Novichok” vositasida qilingan hujum va 2018-yilda sobiq KGB agenti Sergey Skripalning zaharlanishi shular jumlasidandir.

Moskva bu ikki voqeaga aloqadorligini rad etib keladi.

Rossiya Suriyada Bashar Asad rejimining oʻz xalqiga qarshi kimyoviy qurol qoʻllaganini yashirishga yordam bergan.

2019-yilda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) bir yil avvalgi hujum chogʻida muxolifat nazoratidagi Duma shahrida xlorin moddasi qoʻllanganini tasdiqlagan. Rossiya bu hujumlarni yashirishga yordam bermoqchi boʻlgan edi.

U KQTT hisobotini rad etib, bu vahshiyliklar Oq dubulgʻalilar nomli Suriyaning koʻngilli qutqaruvchilari tomonidan “sahnalashtirilganini” daʼvo qilgan.

Suriyadagi kimyoviy hujumlar Rossiya rasmiylari tomonidan tez-tez takrorlanadigan soxta iddaolar bilan olib borilgan, ularga koʻra hujumlar ortida goʻyo muxolifat jangarilari turgan, deb xabar beradi Washington Post juma kuni.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xoʻsh, nima, Zelenskiyga ishonsa boʻladimi? Amerikalik ikki amaldorning aytishicha, “qoʻshimcha razvedka maʼlumotlariga koʻra, Rossiya soxta bayroq ostida kimyoviy qurolni ishga solib, tinch aholini oʻldiradi va jasadlardan goʻyoki ukrainaliklar begunoh odamlarni gaz bilan zaharlagandek qilib koʻrsatishi mumkin”. Amaldorlardan biri keyinchalik ayb amerikaliklar zimmasiga ham yuklanishi mumkinligini qoʻshimcha qilgan.” 17.02.2022 The Washington Post.

Javob berish

Insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun Rossiyani urush vaqtiga oid eng ayovsiz qonunlar bilan sud qilish kerak. Rossiya bu fashizm.

Javob berish

Azbaroyi xudo, senga achinaman, ertami-kechmi qiyomat keladi va yolgʻonlaring uchun javob berasan. Ukraina sizni fosfor (oʻq-dori) hujumlari va boshqalar uchun jazolaydi.

Javob berish