Karvonsaroy
Siyosat

Ukrainadagi urush tufayli Rossiya ittifoqchilari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar kuchaymoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Timur Sulaymonov va Toʻqayevning xalqaro hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Yerjan Qozixonov mart oyi oxirida Yevropa komissiyasiga tashrif buyurib, transport boʻyicha Yevropa komissari Adina Velan (suratda) va YI komissiyasining ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis (suratda koʻrsatilmagan) bilan uchrashgan. [YI]

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Timur Sulaymonov va Toʻqayevning xalqaro hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Yerjan Qozixonov mart oyi oxirida Yevropa komissiyasiga tashrif buyurib, transport boʻyicha Yevropa komissari Adina Velan (suratda) va YI komissiyasining ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis (suratda koʻrsatilmagan) bilan uchrashgan. [YI]

OLMAOTA – Bir paytlar Rossiya bilan doʻst boʻlgan mamlakatlar fuqarolari va rasmiylari Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Moskvaga tobora koʻproq qarshi chiqmoqda.

Bosqinda Rossiyaning asosiy ittifoqchisi boʻlgan Belarus prezidenti payshanba (7-aprel) kuni Moskva tomonidan taqiqlangan coʻz bilan Minskni Ukrainadagi “urush”ni tugatishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga qoʻshishga chaqirdi.

Kreml Ukrainadagi urushni “maxsus harbiy operatsiya” deb atar ekan, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga ham shunday talab qoʻygan. Rossiyada “urush” yoki “bosqin” soʻzlarini ishlatish ogʻir jazolarga sabab boʻlishi mumkin.

Shunday boʻlsa-da, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko payshanba kuni xavfsizlik mulozimlari bilan uchrashuvda bir necha bor “urush” soʻzini tilga oldi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yaqinda kuch tuzilmalari vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari taʼrifi uchun taqiqlangan “urush” soʻzini bir necha bor ishlatgan. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yaqinda kuch tuzilmalari vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari taʼrifi uchun taqiqlangan “urush” soʻzini bir necha bor ishlatgan. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

Mart oyi oxirida Belarus davlat ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, “Live. Belarus temiryoʻlchilari hamjamiyati” nomli Telegram kanali temiryoʻl infratuzilmasini buzishga oid koʻrsatmalarni joylashtirgan. [Live. Belarus temiryoʻlchilari hamjamiyati/Telegram]

Mart oyi oxirida Belarus davlat ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, “Live. Belarus temiryoʻlchilari hamjamiyati” nomli Telegram kanali temiryoʻl infratuzilmasini buzishga oid koʻrsatmalarni joylashtirgan. [Live. Belarus temiryoʻlchilari hamjamiyati/Telegram]

Minsk Belarus va Turkiyada boʻlib oʻtgan Kiyev va Moskva delegatsiyalari oʻrtasidagi tinchlik muzokaralari bosqichida ishtirok etmayapti, deb shikoyat qilgan Lukashenko.

Belarus Ukraina chegarasi yaqinida boʻlib oʻtgan tinchlik muzokaralarining uchta bosqichiga mezbonlik qilgan, ammo ularda bevosita ishtirok etmagan. Shuningdek, Rossiya askarlariga mamlakatdan baza sifatida foydalanishga imkon bergan.

Belarus fuqarolari ham Moskvaning bosqiniga qarshi chiqishmoqda.

Belarus politsiyasi oʻtgan chorshanba kuni mamlakatdagi temiryoʻl jihozlariga putur yetkazish, Rossiya askarlari va yuklarining Ukrainaga yetib borishiga toʻsqinlik qilish gumoni bilan 4 kishini qoʻlga olgan.

Hibsga olinganlar Minsk janubi-sharqidagi Osipovichi yaqinida elektr rele va signal qutilarini yoqib yuborgan hamda poyezdlarni izidan chiqarib yuboradigan qurilma yasagan.

1-aprelda Minsk shimoli-sharqidagi Borisov tumanida “shunga oʻxshash” jinoyat sababli toʻrtinchi kishi qoʻlga olingan.

Mart oyi oxirida Belarus davlat ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, Belarus rejimi ekstremistik deb eʼlon qilgan “Live. Belarus temiryoʻlchilari hamjamiyati” nomli Telegram kanali temiryoʻl infratuzilmasini buzishga oid koʻrsatmalarni joylashtirgan.

“Uni oʻz nomi bilan ataymiz”

Ayni paytda Rossiya bilan yaqin aloqada boʻlgan yana bir davlat – Qozogʻiston rasmiylari endi oʻz mamlakatlari taqdirini Moskva bilan bogʻlash istagida emasligini bayon qilmoqda.

Mart oyi oxirida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Timur Sulaymonov Bryusselga tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi (YI) rasmiylari bilan uchrashdi va joriy inqiroz, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va ularning Qozogʻiston iqtisodiyoti uchun ehtimoliy oqibatlarini muhokama qildi.

“Tashrifdan maqsad – Qozogʻiston AQSH va YI tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab oʻtish vositasiga aylanmasligini yevropalik hamkorlarimizga koʻrsatish. Biz sanksiyalarga rioya qilamiz”, dedi Sulaymonov 29-mart kuni EurActiv umumevropa nashriga bergan intervyusida.

Qozogʻiston Moskva boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOIH yoki YOII) aʼzosi boʻlsa-da, u xalqaro hamjamiyatning ham aʼzosidir, dedi Suleymenov.

Shunday ekan, Nur-Sulton Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor, deya qoʻshimcha qildi u.

Ikki davlat iqtisodiyoti bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ekani bois, Sulaymonov Qozogʻiston Rossiya bilan savdo-sotiqni davom ettirishini tan oldi.

“Ammo biz sanksiyaga tushgan mahsulotlarni, Qozogʻistonda sanksiya ostida boʻlgan shaxslar yoki tashkilotlarning har qanday investitsiyalarini qoʻldan kelgancha nazorat qilib boramiz”, dedi u.

“Rossiya hukumati oʻz hududida “urush” soʻzidan foydalanishni taqiqlagan boʻlsa-da, biz uni Qozogʻistonda oʻz nomi bilan ataymiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tarixning toʻgʻri tomonida

“Albatta, Rossiya koʻproq uning tarafida boʻlishimizni xohlaydi”, dedi Sulaymonov. “Ammo, Qozogʻiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Biz Qrim bilan bogʻliq vaziyatni ham, Donbassdagi vaziyatni tan olmadik va tan olmaymiz, chunki ularni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olmaydi”.

Qozogʻiston oʻz taqdirini Rossiya va Belarus bilan bogʻlamoqchi emas, u Yevropa davlatlari va umuman Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish istagida, deb qoʻshimcha qildi u.

Qozogʻiston “Markaziy Osiyodagi eng gʻarblashgan davlat”, chunki Qozogʻiston va Gʻarbning mushtarak qadriyatlari koʻp, deydi u.

“Prezident taklif qilgan islohotlar Yevropa va demokratiyaga moyil boʻlib, umid qilamanki, 3-5 yil ichida biz bilan avtoritar Osiyodan koʻra, Niderlandiya, Fransiya, Polsha yoki Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari oʻrtasida koʻproq oʻxshashliklar topasiz”, dedi Suleymenov.

Qozogʻiston Rossiya tufayli yakkalanib qolishga tayyor emas, deb aytgan Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Roman Vasilenko 28-mart kuni Germaniyaning Die Welt nashriga.

Agar yangi temir parda tortiladigan boʻlsa, biz uning ortida qolishni istamaymiz”, dedi u Sovuq urush davrida Sharqiy va Gʻarbiy Yevropani ikkiga ajratgan chiziqni nazarda tutib.

Qozogʻiston Sovuq urush davridagi siyosiy tizimga qaytmaslik uchun demokratik islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, dedi u Gʻarb investorlarini oʻz bizneslarini Rossiyadan Qozogʻistonga koʻchirishga chaqirib.

“Biz fashizmga qarshi turishimiz kerak”

Qozogʻistonning bu pozitsiyasi tabiiy ravishda rossiyalik sharhlovchilarning gʻazabini keltirgan.

Moskvadagi MGIMO universiteti qoshidagi Harbiy va siyosiy tadqiqotlar markazining yetakchi tahlilchisi Mixail Aleksandrov 31-mart kuni kremlparast Regnum axborot agentligiga bergan intervyusida Qozogʻistonni ishonchsiz ittifoqchi deb atab, uning rahbariyatini ikkiyuzlamachilikda aybladi.

Rossiya Qozogʻiston bilan munosabatlarini qayta koʻrib chiqishi kerak, dedi u.

Ertasi kuni “Moskovskiy komsomolets” tashviqot nashri MDH davlatlari instituti harbiy tahlilchisi Vladimir Yevseyevning Qozogʻistonga nisbatan keskin tanqidini chop etdi.

Yanvar oyida Qozogʻistonni “rangli inqilobdan qutqargan” Moskva bu fitnada AQSH va Buyuk Britaniyani ayblagan edi.

“Agar Qozogʻiston keyinchalik ham [Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton] Nazarboyev davridagidek “koʻp vektorli” tashqi siyosat yuritishda davom etsa, bu unga qimmatga tushishi mumkin”, deb yozadi Yevseyev.

Biroq, Qozogʻiston yetakchilari bildirgan pozitsiya toʻgʻri, deydi kuzatuvchilar.

Ukrainada genotsid bilan shugʻullanayotgan Putin hukumati bilan bir safda boʻlish haqiqatan ham ulkan xavf”, deydi Qozogʻistonning ikki eng yirik – “Xabar” va “KTK” telekanallarining sobiq menejeri Arman Shurayev.

“Biz fashizmga qarshi turishimiz, unga aloqador boʻlmay, jahon hamjamiyati bilan birga boʻlishimiz kerak”.

Sanksiyalarga uchrash xavfidan qochish uchun Qozogʻiston YOIIdan chiqishi kerak, chunki aʼzolik unga hech qanday foyda keltirmaydi, deb qoʻshimcha qildi u.

Kelajakka intilish

Yevroosiyo integratsiyasi instituti direktori, Nur-sultonlik Oʻrazgali Selteyevning fikricha, Qozogʻiston pragmatizmga tayanib harakat qilmoqda.

“Hammasi juda oddiy: Rossiya siyosat va tashviqot bilan shugʻullanar ekan, biz asosiy eʼtiborni iqtisodiy maqsadlarga qaratishimiz va Qozogʻiston hamkorlik qilishdan foyda koʻrayotgan davlatlar bilan savdo hajmini oshirishimiz kerak”, dedi u.

Qozogʻistondagi ishbilarmon doiralar vakillari ham shunday fikrda.

Qozogʻiston oʻzi uchun ustuvor yoʻnalishlarini toʻgʻri belgilab, Gʻarb gigantlari bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari kabi istiqbolli sohalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratishi kerak, deydi Astana Hub xalqaro texnoparkida faoliyat yurituvchi Nur-Sultonlik yosh tadbirkor va startaplar muallifi Qaysar Isenov.

“Oʻzimizni neft va gaz eksportiga qaram boʻlgan ishonchsiz Rossiya iqtisodiyotiga bogʻlashni bas qilishimiz kerak”, dedi u.

“Biz kelajakka intilishimiz – texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlar tajribasi va ishlanmalarini oʻrganishimiz, innovatsion korxonalar yaratishimiz va iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilishimiz zarur”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

TANKDA MOSKVAGA BORISHDAN OLDIN TAGLIK OVOLISHNI UNUTMA.

Javob berish

Ishtoniga bajarib qoʻyadigan harbiy qoʻmondonlarga berish uchunmi tagliklar?

Javob berish

Moskva Qozogʻiston masalasida haddan tashqari koʻp kuymanishni boshladi. Menimcha, ularning oldiga tanklar bilan tashrif buyurish kerak.

Javob berish

Toʻgʻri, ular Rossiyaning jangovar kemasini choʻktirib yuborishdi, ularga ham koʻrsatib qoʻyish vaqti keldi! Kemaning nomi bekorga “Moskva” boʻlmagan.
Tabiiy resurslarni sotib butun dunyoga ulardan boshqa yaxshi yoʻq deydiganlarga oʻxshamasdan, katta mamlakat sifatida Qozogʻiston rivojlanishi va dunyo bozoriga kirishi kerak.

Javob berish