Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

“Yopiq eshiklar” ortidagi uchrashuvdan soʻng Putin OAVni yanada qattiqroq nazoratga olishga urinmoqda

Tamara Gordelli

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-dekabr kuni Moskva yaqinidagi qarorgohidan turib videoaloqa orqali oʻtkazgan yillik matbuot anjumanidan soʻng jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-dekabr kuni Moskva yaqinidagi qarorgohidan turib videoaloqa orqali oʻtkazgan yillik matbuot anjumanidan soʻng jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqinda jurnalistlar bilan “yopiq eshiklar” ortida oʻtkazgan uchrashuvidan maʼlum boʻlishicha, norozi saylovchilarning koʻpayib borayotgani Kremlni oʻz tashviqot mashinasini yanada kuchaytirishga undamoqda, deydi tahlilchilar.

Ularning soʻzlariga koʻra, sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan parlament saylovlari oldidan Rossiyada yanvar oyidan beri davom etayotgan muxolifat namoyishlari tufayli asabiylashayotgan Putin kremlparast jurnalistlar tarqatadigan xabarlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirmoqchi.

10-fevral kuni Putin aksari Kreml nazoratida boʻlgan OAV rahbarlari bilan yopiq videoanjuman oʻtkazgan.

Putinning matbuot xizmati buni odatdagi yillik anjuman deb atagan. Ammo oʻtgan anjuman oʻtkazilmadi, bu yilda esa u ommaviy noroziliklar bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) 22-fevral kuni Sochi shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Belorusiya prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan qoʻl siqishmoqda. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) 22-fevral kuni Sochi shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Belorusiya prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan qoʻl siqishmoqda. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Suratda: 2-fevral kuni Moskva markazida politsiya tomonidan qoʻlga olingan erkak. 2-fevral kuni Moskva sudi Kremlning eng asosiy tanqidchisi Aleksey Navalniyni deyarli uch yilga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror chiqarar ekan, mamlakatda namoyishlar oʻtkazishga chaqiriqlar kuchaygan. Gʻarb davlatlari bu qarorni qoraladi. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Suratda: 2-fevral kuni Moskva markazida politsiya tomonidan qoʻlga olingan erkak. 2-fevral kuni Moskva sudi Kremlning eng asosiy tanqidchisi Aleksey Navalniyni deyarli uch yilga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror chiqarar ekan, mamlakatda namoyishlar oʻtkazishga chaqiriqlar kuchaygan. Gʻarb davlatlari bu qarorni qoraladi. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

“Bu yopiq uchrashuv”, deb tushuntirish berdi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskov tadbirni “yopiq” deb atagan boʻlsa-da, unda tilga olingan gap-soʻzlar bir necha soat ichida turli manbalarda eʼlon qilingan, deb xabar beradi BBC rus xizmati.

Kremlning kun tartibidagi masalalar

Uchrashuvda qatnashgan jurnalistlar tomonidan berilgan savollarni koʻrib chiqqan tahlilchilar Kreml kun tartibidagi toʻrtta asosiy yoʻnalishni qayd etganlar, bular – aksilgʻarb tashviqoti, Ukraina, Belarusning Rossiya bilan birlashuvi, Rossiyadagi xorijiy internet-gigantlarni senzuralash va jilovlash.

Ishtirokchilar orasida muxolif qarashdagi “Эхо Москвы” radiostantsiyasi bosh muharriri Aleksey Venediktov ham bor edi.

Radiostantsiya saytida oʻz blogini yuritib kelayotgan Venediktov 11-fevral kuni “Putinning ruxsati bilan” uchrashuvga oid maʼlumotni Telegram kanalida eʼlon qilgan.

Venediktov oʻtgan yil avgust oyida Sibirda muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi haqidagi savoliga Putin bergan javobni keltirgan.

Navalniy Germaniyada davolanib, yanvar oyida Rossiyaga qaytib kelganida hibsga olingan edi. Yaqinda u shubhali ayblovlar bilan qariyb uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Uning hibsga olinishi ortidan butun Rossiya boʻylab boshlangan davomli namoyishlar Putinni asabiy holga keltirgan koʻrinadi.

Venediktov Putinning javoblarini bayon qilar ekan, ularni “matnga yaqin” deb atagan.

Germaniya hukumati Navalniyning faqat Rossiya hukumati qoʻllashi mumkin boʻlgan zaharli modda – Novichok bilan zaharlanganini aniqlagan boʻlsa-da, Putin bu ayblovlarni rad etgan.

Navalniyni tekshirgan rossiyalik shifokorlar zaharli modda asarlarini topmadilar, deb aytgan Putineng asosiy dushmanining ismini atayin tilga olmasdan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Germaniya xulosalarini tasdiqlovchi fransuz laboratoriyalari tadqiqotlarini boʻlishishdan voz kechdi, deb qoʻshimcha qilgan Putin. Bundan Gʻarb yetakchilarini ixtilofga solish va keng miqyosda qabul qilingan xalqaro tergovni yoʻqqa chiqarish maqsad qilingan boʻlishi mumkin.

“Kommersant” muxbiri Andrey Kolesnikov Putinning Makron haqidagi fikr-mulohazalarini tilga olgan.

Putin “bu voqeadan foydalanish va shaxsan undan iqtibos keltirish mumkinligiga ishonadi”, deb yozgan Kolesnikov.

Kreml tashviqoti oʻz qudratini yoʻqotmoqda

Rossiyalik rasmiylar Navalniyning ishi ortida Gʻarb turganini bir necha bor iddao qilganlar.

Jumladan, fevral oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov zaharlanish holati Gʻarb tarafidan “sahnalashtirganini” aytgan edi.

Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari Navalniy qoʻlga olinganidan keyin Gʻarbni muxolifat namoyishlarini tashkillashtirishda ham ayblaganlar.

Lavrov namoyishlarning Kreml tomonidan zoʻravonlik bilan bostirilishini tanqid qilganlarga javoban Yevropa liderlari “Rossiyaga qarshi siyosiy kun tartibini ilgari surishmoqda” deb asossiz bayonot bergan.

“Aleksey Navalniyning qaytishi tufayli Rossiya hukumati oldida paydo boʻlgan muammolarni tashviqotning oʻzi bilan hal qilib boʻlmaydi”, deydi muxolifatchi “Eжедневный журнал” nashrining muharriri, moskvalik Aleksand Riklin.

Rossiyaning Birinchi va Ikkinchi telekanallarini koʻrish bilan cheklanmay, internetga ham kirib turadiganlar allaqachon hammasini tushunib yetganlar, dedi u.

“Navalniyning Gelenjikdagi qasr haqidagi filmini qancha odam koʻrganini bilamiz”, deydi Riklin, Putin 1,35 milliard AQSH dollariga teng “eng katta pora evaziga” bunyod etilgan koʻchmas mulk egasi ekanligini daʼvo qiluvchi hujjatli filmni nazarda tutib.

19-yanvardan beri bu videolavha YouTube orqali bir necha yuz million marta tomosha qilingan.

Riklinning soʻzlariga koʻra, mamlakat boʻylab bir necha oʻn minglab odamlarning norozilik namoyishlariga chiqishi “Kreml tashviqotiga borgan sari kamroq odam ishonayotganini” koʻrsatadi.

Putinga “yangi syujet” kerak

10-fevralda boʻlib oʻtgan uchrashuvda kremlparast jurnalistlar Putin oʻz mashhurligini saqlab qolish uchun muntazam ravishda qoʻllab kelgan boshqa mavzularda ham savollar berishdi.

Kreml nazorati ostidagi “Russia Today” (RT) telekanalining bosh muharriri Margarita Simonyan Ukraina, xususan 2014-yildan beri rus ayirmachilari va rossiyalik jangarilar bilan ukrainalik askarlar oʻrtasida janglar kechayotgan Donbass masalasini koʻtardi.

“Biz Donbassni tashlab qoʻymaymiz”, deb vaʼda bergan Putin.

Kreml egalik qiladigan “Аргументы и факты” gazetasi bosh muharriri Igor Chernyak Belarusning Rossiyaga qoʻshilishi ehtimoli haqida savol berdi.

Bu masala ayni damda muhokama qilinmayapti, deb aytgan Putin BBC nashriga koʻra.

Ammo, Riklinning ogohlantirishicha, Putinning javoblarini haqiqat deb qabul qilib boʻlmaydi.

“Yutqiziqli va muammoli vaziyatda Rossiya hukumati boshqa uslubga oʻtishi mumkinligidan xavotirdaman”, dedi u. “Donbassda yangi kuch loyihasi yoki Belarus bilan integratsiyaga oid voqeaning davomi boʻlishi mumkin.”

Riklinga koʻra, Kremlga “yangi syujet havodek zarur”.

Xorijiy internet-gigantlarni cheklash

Koʻtarilgan mavzulardan yana biri Koʻtarilgan mavzulardan yana biri Rossiyaning oʻz ichki internet tarmogʻini yaratishidir.

Xorijiy veb-saytlar Rossiya ommaviy axborot vositalari va mushtariylari manfaatlariga daxl qilmoqda hamda bunga qarshi chora koʻrgan maʼqul, deb aytgan Kreml nazorati ostidagi Lenta.ru veb-sayti bosh muharriri Vladimir Todorov.

“Bu borada sunʼiy ravishda biror qatʼiy chora koʻrish yoki cheklov joriy qilish niyatim yoʻq. Ammo, bunday boʻlishi mumkinligini istisno etmayman”, deb javob bergan Putin. “Mamlakatimizga qarshi adovatli harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.”

Sberbankning “Sber” ilovasi va “Yandex” qidiruv tizimi juda yaxshi ishlayapti, deb aytgan Putin.

Ularning rivojlanishi MasterCard, Visa va Google kabi kompaniyalar hukmronligidan xavotir borligidan darak berali.

2014 yilda Rossiya tomonidan Qrimning noqonuniy anneksiyasiga javoban AQSH sanksiyalari tufayli Rossiya bankining kredit kartalari protsessingi va Qrimdagi bank kartalariga xizmat koʻrsatish toʻxtatilgan edi.

Kremlning nazdida Gʻarb internetining yana bir kamchiligi Google qidiruv tizimini senzura qilish imkoni yoʻqligidir.

Kreml oʻzi istagan taqiqni butun internetga nisbatan qoʻllashi ehtimoldan yiroq, deydi Riklin.

Lekin, u “ayniqsa Facebook, Twitter va YouTube kabi ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyati hozirdanoq cheklanishi mumkinligini” aytgan.

Putin nazoratni saqlash qolish uchun choralarni qatʼiylashtirmoqda

Rossiyaning parallel “suveren internetni” yaratishi “favqulodda vaziyatlarda” Gʻarb yaratgan internetni oʻchirishga imkon beradi, deb yozgan Kolesnikov maqolada Putindan iqtibos keltirib.

“Suveren internet” iborasi Putinning “suveren demokratiya” iborasini yodga soladi.

“Putinning uzoq muddatli maslahatchisi Vladislav Surkovning soʻzlariga koʻra, suveren demokratiya Rossiya demokratiyasi modeli boʻlishi kerak edi”, deydi Gruziya strategiya tahlil markazi asoschisi Georgiy Ruxadze. “Ammo Vladimir Putin hukmronligi ostida u Rossiyaning diktatura modeliga aylandi.”

Bu yilgi noroziliklar toʻlqini Putinni xavotirga solmoqda, shuning uchun u axborot muhitini va rossiyaliklarning internetga kirish huquqlarini nazorat qilmoqchi, deydi Ruxadze.

“Noroziliklar avj olib bormoqda”, deydi u. “Rejim uchun bu chora koʻrish kerakligining belgisi. Shuning uchun Putin vaziyatni qoʻldan boy bermaslik uchun rahbarlarga buyruq berish bilan ommaviy axborot vositalarini yanada qatʼiyroq nazoratga olmoqda.”

“Jurnalistlar va jamoat arboblari bilan boʻlib oʻtgan bu uchrashuvlar avvalo hukumat uchun hammasi joyida ekanligini koʻrsatish uchun kerak boʻlgan”, deydi Riklin. “Bu ozmi-koʻpmi joriy qilingan format. Agar undan birdaniga voz kechilsa, darhol savollar tugʻiladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya – qamoqxona.

Javob berish

...Qoʻllarning yengil harakati bilan.. Rossiya asta-sekin.. Shimoliy Koreyaga aylanadi! Qarsaklaringiz, janoblar )))

Javob berish