Karvonsaroy
Diplomatiya

Inqiroz diplomatiyasi: Kreml foydalanish uchun zaif nuqtalarni izlamoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Birdamlik kuni Sevastopoldagi Rossiya fuqarolik urushi yodgorligi oldida nutq soʻzlamoqda, Qrim, 4-noyabr. [Mixail Mettsel/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Birdamlik kuni Sevastopoldagi Rossiya fuqarolik urushi yodgorligi oldida nutq soʻzlamoqda, Qrim, 4-noyabr. [Mixail Mettsel/Sputnik/AFP]

BRYUSSEL – Rossiyaning Yevropa davlatlari bilan rasmiy diplomatik aloqalari yanada sovuqlashishi mumkin boʻlgan bir paytda, opportunistik ruhdagi Kreml vaziyatni alangalatish uchun bir qator mintaqaviy inqirozlardan foydalanish yoʻllarini izlab topgan.

Oʻz mamlakatida kuchayib borayotgan COVID-19 muammosi qurshovida qolgan prezident Vladimir Putin imkoni bor yerlarda taktik muvaffaqiyatlarga erishish va yevropalik hamkasblarini oʻz taʼsirini tan olishga majburlash bilan xorijdagi harakatlarni jadallashtirmoqda.

“Rossiya siyosati, shubhasiz, paydo boʻladigan imkoniyatlarga asoslanadi”, deydi yevropalik yuqori martabali diplomat va Rossiya boʻyicha ekspertlardan biri AFP bilan suhbatda.

“Ammo uning yaqin qoʻshnilari, xususan sobiq Sovet respublikalariga kelsak, unda vaziyatni qoʻlga olish va bosqichma-bosqich nazoratni tiklash uchun haqiqiy iroda bor.”

Rossiya prezidenti Rimda boʻlib oʻtgan G20 yetakchilari sammitida Moskvadan turib onlayn ishtirok etmoqda, 31-oktabr. [Evgeniy Paulin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Rimda boʻlib oʻtgan G20 yetakchilari sammitida Moskvadan turib onlayn ishtirok etmoqda, 31-oktabr. [Evgeniy Paulin/Sputnik/AFP]

Chapdan oʻngga: Rossiya prezidenti Vladimir Putin (2019-yil, 4-iyul, Rim), Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko (2019-yil, 12-noyabr, Vena) va Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy (2020-yil, 20-fevral, Bryussel). 10-noyabr kuni Polsha chegarani buzib oʻtish holatlarining koʻpaygani va yuzlab migrantlarni Belarusga qaytarib yuborgani haqida xabar berib, Minsk va Moskvani Yevropa chegarasida inqiroz keltirib chiqarishda ayblagan. [Jo Klamar, Titsiana Fabi, Kenzo Tribuyyar/AFP]

Chapdan oʻngga: Rossiya prezidenti Vladimir Putin (2019-yil, 4-iyul, Rim), Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko (2019-yil, 12-noyabr, Vena) va Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy (2020-yil, 20-fevral, Bryussel). 10-noyabr kuni Polsha chegarani buzib oʻtish holatlarining koʻpaygani va yuzlab migrantlarni Belarusga qaytarib yuborgani haqida xabar berib, Minsk va Moskvani Yevropa chegarasida inqiroz keltirib chiqarishda ayblagan. [Jo Klamar, Titsiana Fabi, Kenzo Tribuyyar/AFP]

Rossiya mijozi boʻlgan Aleksandr Lukashenko Yaqin Sharqdagi migrantlarni Polsha chegarasi tomon yoʻnaltirganida, Putin vaziyatga aralashishdan bosh tortib, Bryusselni Belarusning rad etilgan rejimi bilan qayta muzokara boshlashga majburladi.

Fransiya Afrikadagi sobiq mustamlakalari bilan nizolashib qoladigan boʻlsa, Kremlga aloqador Vagner guruhining yollanma askarlari Parijning jizzaki hamkorlariga Rossiyaning muqobil harbiy yordamini taklif qilish uchun u yerda hoziru nozir boʻladi.

Rossiya NATOga oʻzining orqa hovlisi deb biladigan joy masalasida bosim oʻtkazmoqchi boʻlsa, Kreml qoʻllovidagi isyonga qarshi kurashayotgan gʻarbparast Ukraina chegaralarida oʻzining harbiy qudratini koʻz-koʻz qiladi.

Hatto, Rossiya odatda xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilishdan faxrlanadigan fazoviy sohada ham, oʻtgan hafta Rossiyaning sunʼiy yoʻldoshga qarshi raketasining sinovdan oʻtkazilgani eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Zararli hamkor

Kreml kuzatuvchilari bu provokatsiyalar ortida katta fitna bor deb bilmasa-da, Rossiya rahbari Yevropa strategiyasidagi zaif nuqtalar va qarama-qarshiliklarni topish uchun oʻz ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanayotganini aytmoqda.

Rossiyaning yakkalab qoʻyilgani Putinga qarama-qarshilik mantigʻiga amal qilishdan boshqa chora qoldirmadi, deydi Moskvadagi Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Aleksandr Baunov AFP bilan suhbatda.

Kreml zararli hamkor hisoblanadi”, deb tushuntirdi u. “Shunday ekan, Gʻarbni muzokaraga majburlash uchun uning qoʻrqitishdan boshqa chorasi qolmagan”.

“U buning uchun muzokara mavzularini paydo qilmoqda – Ukraina inqirozi, Yevropa Ittifoqi chegarasidagi qochqinlar muammosi, [tabiiy] gaz narxlari”, dedi u.

2014-yilda Moskva Ukrainaga qarashli Qrimni anneksiya qilganidan keyin Ukraina armiyasi Rossiya bilan chegaradosh ikki boʻlginchi mintaqada rossiyaparast ayirmachilar bilan keskin nizo holatida boʻlib turibdi.

Kiyev va uning Gʻarbdagi ittifoqdoshlari Rossiyani ayirmachilarni qoʻllab-quvvatlash uchun chegara osha qoʻshin va qurol joʻnatganlikda ayblamoqda, Moskva esa bu daʼvolarni rad etyapti.

Ammo, 2014-yilda Ukraina muxolifatining namoyishlari ortidan kremlparast prezident hokimiyatdan agʻdarilar ekan, Gʻarbning Yevropa Ittifoqi (YI) va NATO taʼsirini postsovet hududga yoyish rejasini koʻrgan Rossiya gʻazabga tushgan edi.

Shu tariqa, oʻtgan yili Bryussel Belarusda muxolifat namoyishlari bostirilganini qoralagan va Lukashenkoning bahsli qayta saylanishini tan olishdan bosh tortganida, Putin avtoritar ittifoqdoshini qoʻllab-quvvatlagan edi.

Lukashenko Bryusseldan oʻch olish uchun Yaqin Sharqdagi qochqinlarni chegaraga olib borib, Yevropa Ittifoqi aʼzosi Polsha bilan qarama-qarshilik keltirib chiqarganida, Putin uni qoʻllab-quvvatladi.

“Rossiyaga Lukashenkoni toʻxtatishning nima keragi bor?” dedi “Rossiya xalqaro siyosatda” nashri muharriri Fyodor Lukyanov jahl bilan. “Lukashenko Yevropa bilan munosabatlardagi inqirozdan chiqish yoʻlini topdi.”

“Rossiyaning nuqtai nazariga koʻra, uning ittifoqchisi omon qolish uchun kurashmoqda”.

Bu gʻazab oʻtgan payshanba (18-noyabr) kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropadan “barcha muammolarda Rossiyani aybdor qilishni” toʻxtatishni talab qilganida yaqqol namoyon boʻldi.

Gʻarb davlatlari oʻtgan hafta Rossiyaning Ukraina yaqinidagi harbiy faolligidan xavotir bildirib, Vashington “noodatiy” deb atagan xatti-harakatlardan “real xavotirda” ekanini bayon qilgan.

Shanba kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken: “Biz prezident Putinning maqsadlari qanday ekanligini bilmaymiz. Lekin oʻtmishda nimalar boʻlganini bilamiz”, dedi.

“Biz Ukraina yoki boshqa biror davlatning qandaydir xayoliy provokatsiyasiga ishora qilib, Rossiya buni oʻz rejalari yoʻlida bahona sifatida ishlatishini yaxshi bilamiz.”

Yakshanba kuni Peskov Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bostirib kirishi borasida AQSHning “jazavaga” tushayotganini tanqid qilgan.

Qamalda qolgan diktator

Endilikda oʻz lavozimini tark etayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel vaziyatni barqarorlashtirish uchun Lukashenkoga qoʻngʻiroq qilishga majbur boʻldi va Yevropa Komissiyasi (YK) migrantlar repatriatsiyasi boʻyicha oʻzi tan olmagan rejim bilan “texnik muzokaralar” boshladi. YK Yevropa Ittifoqining ijrochi organi hisoblanadi.

Euronews.com xabariga koʻra, Yevropa davlatlari tashqi ishlar vazirlarining 15-noyabr kungi yigʻilishida YIning tashqi siyosat boʻyicha rahbari Xosep Borrel “Men Lukashenkoning bu ishlarni Rossiyaning kuchli dastagisiz qilayotganiga ishonmayman”, deb aytgan.

Vazirlar yaqinda eʼlon qilinadigan va kelgusi yillar uchun Yevropa Ittifoqining hamjihatlikdagi tashqi siyosatini belgilaydigan hujjat ustida ish olib borganlar.

Hujjatning AFPga maʼlum boʻlgan dastlabki loyihasida Rossiyaning Yevropa Ittifoqi manfaatlariga va Bolqon, Sharqiy Yevropa, Liviya, Suriya va Oʻrtayer dengizining sharqiy qismidagi barqarorlikka qarshi aralashuvi haqida gap boradi.

Vazirlar muhokamasidagi matnda aytilishicha, Rossiya bilan yomonlashgan munosabatlar “bu teatrlarning aksariyatida gʻoyat jiddiy”.

“U gibrid taktikalar orqali faol aralashib, bu mamlakatlardagi barqarorlik va demokratik jarayonlarga putur yetkazmoqda. Bu bizning xavfsizligimizga ham bevosita taʼsir qiladi”.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Vagner guruhiga nisbatan qoʻshimcha sanksiyalar ishlab chiqmoqda, dedi Borrel.

“Bu guruhga nisbatan cheklovchi choralar koʻrishda ilgarilashga imkon beruvchi konsensus mavjud”, dedi u.

Uning aytishicha, sanksiyalar boʻyicha takliflar Yevropa Ittifoqi ekspertlari tomonidan ishlab chiqiladi va dekabr oyida tashqi ishlar vazirlarining kelasi uchrashuvida muhokama qilinadi.

Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojinga aloqador Vagner yollanma askarlari Ukraina mojarosiga aralashuvdan keyin Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya va Suriyada faol boʻlgani maʼlum.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Befoyda maqola, Rossiya – dushman va biz hech narsa qila olmaymiz

Javob berish

Bu qanday provokatsion savollar boʻldi? Har bir davlatning oʻz rahbari tomonidan bildirilgan pozitsiyasi faqat bitta narsaga – uning fuqarolari va hududiy yaxlitligini himoyalashga xizmat qilishi kerak. Ushbu maqsadlarga barcha qonuniy vositalar bilan erishish lozim.

Javob berish

Rossiya faqat boshqa davlatlarga zarar yetkazishni biladi. Boshqa hech narsa qoʻlidan kelmaydi.

Javob berish